Obod manzillar tarovati
Istiqlol bergan imkoniyatlar samarasi hayotimizning barcha jabhasida o’z aksini topmoqda. Taraqqiyotning “o’zbek modeli” asosida yuksak marralarni zabt etayotgan xalqimiz yutuqlari salmog’i tobora oshib borayapti.

Bu esa mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, yurtdoshlarimiz turmush tarzini yanada yaxshilashdek ezgu maqsadlar ro’yobiga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Birgina qishloq joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini olaylik. Hozir eng chekka va olis manzillarda ham beqiyos o’zgarishlar, yangilanishlar ro’y bermoqda. Mustahkam infratuzilma, zamonaviy qulayliklar, muhtasham imoratu inshootlar... Bularning barchasi qishloqlarimizning shaharlar bilan bo’ylashib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan namunaviy loyihalar asosida keng, shinam va ko’rkam turarjoylar qurilishi odamlarimizning nafaqat turmush tarzi, balki tafakkurini ham tubdan o’zgartirayotir.

Zero, obod va sarishta uy — baxtu saodat, fayzu baraka oshyoni. Undagi qulayliklar turmush farovonligi kafolatidir. Shu bois davlatimiz rahbarining 2009 yil 3 avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko’lamini kengaytirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorida qishloqlarimiz qiyofasini zamonaviy arxitektura talablari asosida tubdan o’zgartirish va yangilash, ilg’or muhandislik, transport hamda ijtimoiy infratuzilmaga ega bo’lgan yangi uy-joy massivlarini barpo etish bo’yicha uzoq muddatga mo’ljallangan aniq maqsadli vazifalar belgilab berildi.

Xorazm viloyatida ham mazkur hujjat ijrosi doirasida keng ko’lamli bunyodkorlik ishlari olib borilayapti. Xususan, o’tgan olti yil davomida vohaning 56 ta massivida 4 ming 212 ta uy-joy hamda ushbu hududlarda maktab, guzar, bozor, savdo majmuasi, novvoyxona, minibank singari 122 ta ijtimoiy soha ob’ekti, shuningdek, avtomobil yo’llari, suv, gaz, elektr tarmoqlari qurilib, foydalanishga topshirildi.

Ko’tarinki kayfiyat, ertangi kunga qat’iy ishonch insonni ezgu maqsadlar sari chorlovchi muhim omillardandir. Bugun qishloqlarga o’zgacha tarovat baxsh etayotgan namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar egalarining farovon turmush tarzini kuzatib, bunga yana bir karra amin bo’lish mumkin. Eng muhimi, bunday sharoitda voyaga etayotgan o’g’il-qizlar nafaqat sog’lom, balki keng dunyoqarash va boy tafakkur egalari bo’lib kamol topmoqdalar.

— Har bir hududning o’ziga xos iqlim sharoiti bor, — deydi Xonqa tumanidagi “Xorazm Shohnazar qurilish-ta’mirlash” xususiy korxonasi rahbari Tohir Abdullaev. — Namunaviy loyihalar asosida uy-joy qurish jarayonida bu jihatlar alohida e’tiborga olinayapti. Devorlarning pishiq g’ishtdan tiklanishi esa xonadonlarning qishda issiq, yozda salqin bo’lishini ta’minlaydi. Qolaversa, eshik hamda deraza romlari, tomyopqichlar, santexnika jihozlari, qo’yingki, barcha-barchasi zamonaviy, ko’rkam va mustahkam. Mehmonxona, bolalar xonasi, yotoqxona, oshxona, yuvinish xonalari puxta me’moriy echim asosida barpo etilgan. Qisqacha aytganda, bu uylar aholi didi hamda talabiga juda mos. Mazkur imoratlar o’z egalariga uzoq yillar xizmat qiladi. Hozir ularni belgilangan muddatlarda, sifatli tarzda qurib, foydalanishga topshirish uchun biz, pudratchi tashkilotlar jamoalari barcha imkoniyatni ishga solayapmiz.

Darhaqiqat, bino tiklash — mashaqqatli va uzoq davom etadigan jarayon. Bunda sifatli qurilish ashyolari, malakali mutaxassislar, zarur texnika vositalarisiz kutilgan samaraga erishib bo’lmaydi. Yangi massivlardagi ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish va jadallashtirishda mustahkam moddiy-texnika bazasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotir. Chunonchi, ayni kunda vohada namunaviy loyihalar asosida turarjoylar barpo etish yumushlariga 107 ta pudratchi qurilish tashkiloti jalb qilingan. Ularga soliqlardan imtiyozlar taqdim qilinganligi, qurilish materiallari mahalliy korxonalar tomonidan qisqa muddatda va arzon narxlarda etkazib berilayotganligi yutuqlar asosi bo’layapti. Pirovardida bunday shinam va ko’rkam uylarda yashash istagidagi yurtdoshlarimiz soni tobora ortib, qurilish ishlari ko’lami yanada kengaymoqda. Jumladan, joriy yilda ham viloyatning 22 ta massivida 865 ta ana shunday imorat qurish jarayoni yakunlanayotgan bo’lib, hozirgi kungacha 140 milliard so’mlik ish bajarildi.

— Shifokorlar oilasimiz, — deydi xonadon boshlig’i Otabek Saidov. — Ikki nafar farzandimiz bor. Anchadan beri barcha qulayliklarga ega uy-joyda yashashni orzu qilardik. Shu sababli Urganch tumanining Yuqori Jirmiz qishlog’ida barpo etilgan turarjoylardan birini xarid qildik. 15 yil muddatga imtiyozli kredit berilishi esa katta ko’mak bo’ldi. Hozir massivimizda maktab, bog’cha, maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, savdo do’konlari, ravon yo’llar qurilayapti. Xo’sh, bir paytlar bunday imkoniyatlar bormidi? Imoratlar paxsadan, guvaladan tiklanib, usti har yili loysuvoq qilinardi. Hozirgidek ko’zni qamashtiruvchi tomyopqichlar qayoqda edi deysiz?! Butun mahallada shiferli yoki tunuka tomli uylar barmoq bilan sanarli bo’lardi. Shukrki, endi havas qilsa arzigulik sharoitlarda yashayapmiz. Bu biz singari yosh oilalar uchun chinakam g’amxo’rlik namunasidir.

“Obodlik ko’ngildan boshlanadi”, deyishadi. Ko’ngildan ko’chgan yaratuvchanlik hissi esa xonadonlar, qishlog’u mahallalar ko’rkiga ko’rk qo’shadi. Zero, Vatan — obod manzillari bilan fayzu tarovatlidir. Bugun joylarda namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylar sohiblarining farovon turmushi misolida bunga takror va takror ishonch hosil qilishimiz muqarrar.

Oybek RAHIMOV, «Xalq so’zi» muxbiri.