Xiva pullari
Xorazmshohlar davrida va Xiva xonligi davrida o’zining haqiqiy qiymatiga ega bo’lgan oltin, kumush va mis pullar muomalada ishlatilgan. Bu pullarning qaysi davrlarda; qaysi podsho, xonlar davrida zarb qilingani, qaysi davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlar qilinganligini bilish juda qiziqarli bo’lib o’tmish haqida juda aniq fikrlashga yordam beradi.

Xorazmda zarb qilingan va muomalada ishlatib kelingan, o’zining haqiqiy qiymatiga ega bo’lgan pullar eramizdan oldingi II asrlardanoq ma’lum bo’lib Xiva xonligining Rossiya tomonidan bosib olingungacha to’liq ishlatib kelindi. Xiva xonligida muomalada ishlatiladigan pul 3 xil atalar edi:

1-«tilla»,—oltin pul bo’lib, ikki xil shaklda va og’irlik miqdorida bo’lar edi. Birinchisi—«kichik tilla»,—deb atalar va o’sha davr pul miqdorida 1 so’m 80 tiyinga teng deb belgilanar edi, ikkinchisi —«katta tilla»,—deb atalib o’sha davr pul miqdorida 3 so’m 60 tiyinga teng deb belgilangan edi;

2-«tanga»,—kumushdan ishlanar va «bir tanga» o’sha davr pul birligida 30 pul birligi yoki 20 tiyinga teng deb belgilanar edi. Yigirma tiyinlikni hozirgi davrda ham «bir tanga»,—deb atalishi shundan qolgan;

3-«pul»,—misdan ishlanar edi. U pulga va tiyinga bo’linardi. Kumushdan ishlangan «tanga», «oq tanga» deb, misdan ishlangan pul «qora tanga» deb ham yuritilar edi. «Qora tanga» o’zining qiymati jihatidan «oq tangani» 66 foiziga teng edi.

Shuningdek, xonlikda «shoyi», «abbas shoyi», «yarim shoyi» deb nomlanadigan pul birliklari ham ishlatilgan. Ularning qiymati 10 tiyindan 40 tiyingacha o’zgarib turgan.

(Xiva shahar Lermontov ko’cha № 114, 117-uylarda yashovchi Quryoz Sarrof va Bolta Sarroflarning estaliklari).

Xiva xonligida zarb qilingan pullarda, tangalarda va tillalarda odam rasmi tasvirlanmas, balki arab imlosida, qaysi xonlik tomonidan va nechanchi yilda zarb qilingani yozilar edi.

Xiva oltinlari va pullari mahalliy va chet eldan keltirilgan oltinlarga bo’linar edi. Xiva oltinlari o’zining yaltiroqligi, mustahkamligi, umuman sifati jihatidan ajralib turardi.

Muomalada ko’p ishlatiladigan kumush pullar metallari Quyi Novgoroddan olib kelingan. Xiva xonligida zarb qilingan oltin, kumush, mis pullar va ularning qoliplari dunyoning ko’pgina mamlakatlari muzeylarida, shuningdek, Moskva va Sankt-Peterburg muzeylarida saqlanmoqda. Ayniqsa Xiva xonligi 1873 yilda Rossiya tomonidan bosib olingach, uni qimmatbaho buyumlarini, birinchi navbatda oltin, kumush pullarini talash Rossiya jug’rafiya jamiyati vakili sharqshunos olim P.I. Lerx va A.L. Kun singari kishilar rahbarligida «ilmiy» jihatdan tashkil qilindi. Veselovskiy yordamida Peterburgdagi ermitajda tashkil qilingan numizmatika va boshqa fondlar Urta Osiyodan, jumladan Xiva xonligidan borgan oltin, kumush, mis, atlas va boshqa pullar hisobiga boyidi. Jumladan, faqat 1883 yili Ermitajga jo’natilgan buyumlar ichida 1168 qadimiy oltin-kumush tangalar bo’lib, bular Urta Osiyoning, jumladan Xivadagi 30 dan ortiq yirik hukmdor sulolalarning pullari edi.

Xiva xoni Muhammadrahimxon II taxtni tashlab qochib ketgach, «rus mutaxassislari» xonlikdagi barcha qimmatbaho buyumlarni tashib keta boshladilar. «O’ljalar ichida tanga zarb qilinadigan qoliplar, oltin va kumushdan ishlangan, 25 xon muhri, 200 dan ortiq qadimiy tangalar» bor edi. («Fan va turmush» jurnali, 1991 yil, 9-son).

Bularning hammasi Xiva xonligi davrida zarb qilingan pullarning namunalaridir.

Rossiya hukumati Xiva xonligini bosib olishi bilanoq pul sistemasini Rossiya pul sestemasiga o’tkazishni taklif qildi. Lekin bu taklif amalga oshmadi.

Xiva xonligida muomalada ko’pincha kumushdan bo’lgan «tanga» pullar ko’p ishlatilgan. Qumush pullarning oltin va misga nisbatan qulayligi buni taqozo qilgan. Hatto XIX asr oxirlarigacha har yili bir million so’mlik kumush tanga pullar xivalik mahalliy ustalar tomonidan zarb qilingan.

XIX asr ohirlarida dunyo davlatlarida kumush qazib chiqarishning ko’payib ketganligi uning qiymatini tushurib qo’ydi. Bu davrda Xiva xonligida ham kumush pul birligi qiymati ikki baravar tushgan edi. Yoki bir «tanga» pul miqdori 20 tiyindan 12 tiyin qiymatga tushib qoldi.

Rossiya Xiva xonligini bosib olgandan keyin ham Rossiyada Ekaterina II podsholigi davridan buyon pul sifatida muomalaga kirgizilgan qog’oz pullar, kumush tangalar Xiva xonligi hududida uzoq vaqtgacha qo’llanilmasdan kelindi. Rossiyaning pullari Xiva xonligida juda kam miqdorda qo’llanilishi bilan birga o’z kursidan juda kam baholanar edi. Uz «tilla» va «tangalariga» o’rgangan xivaliklar rus qog’oz pullarini ishlatishni yoqtirmas edilar.

Rossiya qog’oz va metall pullarining Xiva xonligidagi mahalliy xalq va amaldorlar tomonidan qo’llanilmasligi, pisand qilinmasligi chor amaldorlarini g’azabini keltirar edi.

Rus hokimlari mahalliy xalqqa o’z qog’oz pullarini majburlab kirita boshladilar. Ular dastlab oltin, kumush va mis pullarni rus qog’oz pullariga va rus qog’oz pullarini oltin, kumush va mis pullariga almashtirib beradigan va katta foyda orttiradigan sudxo’r kishilarni vujudga keltirdilar. Buni Xiva xonligida «sarroflar» deb ataydilar. «Bizning ota-bobolarimiz va o’zimiz ham yoshligimizdan shu kasb bilan shug’ullanganimiz sababli hozirgacha «sarrof» deb atashadi,—deydi Quryoz sarrof va Bolta sarroflar.

«Sarroflar» katta pulga egalik qilib, pul muomalasidagi qiyinchiliklardan foydalanib, Xiva va Rossiya savdogarlariga katta ta’sir ko’rsatar edilar. Xiva sarroflarining hatti-harakati savdogarlarga yoqmas edi va ular rus podshosiga Xiva tangalarini, tillarini butunlay yig’ib olib uning o’rniga rus qog’oz pullarini tarqatishni taklif qilgan edilar.

Hatto 1893 yilda Rossiya moliya vazirligining tashabbusi bilan rus savdogarlarining iltimosi Peterburgda muhokama qilindi va Xiva xoniga tanga pullarni faqat rus podshosining ruxsati bilan zarb qilish majburiyati yuklatildi.

Rossiyaning qog’oz pullarini Xivaning tilla, tanga va mis pullari o’rniga birdaniga tiqishtirishga rus podshosi jazm qila olmadi. Xalqning noroziligini to’g’dirishi mumkin deb qo’rqdi.

Rossiya pullarining asta-sekinlik bilan bo’lsa ham Xiva xonligiga kirib kelishini moliya vaziri yaxshi bilar edi.

XX asrning birinchi o’n yilligida hatto rus qog’oz pullari Xiva xonligida muomalada ishlatilayotgan tanga pullarga nisbatan ikki baravar ko’payib ketdi.

Xiva xoni Muhammadrahimxon II o’z umrining oxirlarida Xiva xonligida muomala uchun yshlatilayotgan pul miqdorini etishmayotganligi, shuningdek, musulmon va sharq davlatlari podsholari nomidan pul bosib chiqarib turilmasa xalq unga itoat qilmasligini tushuntirib, iltimos qilib zo’rg’a tanga pul bosib chiqarish imkoniyatiga ega bo’lib qolgan edi. (T.G. To’xtametov, Rossiya i Xiva va kontse XIX-nachale XX veka, Moskva, 1969, 52-53-betlar).

Muhammadrahimxon II vafotidan keyin Xivada tanga pul bosib chiqarish deyarli to’xtatildi va rus podshosi pullari muomalada ishlatiladigan bo’ldi. 1914 yildan boshlab Rossiya, shu jumladan rus savdogarlari Xivada zarb qilingan tangalarni olmasdan va ishlatmasdan qo’ydi. (Sadiqov A. S. Ekonomicheskie svyazi Xivo’ s Rossiey, Toshkent, 1965, 132-bet). Mavjud bo’lgan tilla va kumush pullar xalq qo’lida muomalada ishlatib kelindi.

Asfandiyorxon xonlikka o’tirgach, rus podshosi va amaldorlari Xiva xonligida bir qancha islohotlar o’tkazish, jumladan Xivada muomalada bo’lgan va yuritilayotgan barcha tanga va pullarni yig’ib olib butunlay rus pul sistemasiga o’tkazishni ham taklif qilgan edilar. Chor amaldorlarining bu taklifi ham boshqa islohotlari singari bajarilmadi.

1918-1920 yillarda Xiva xonligida ikki xonlik davri bo’ldi. Bu davrda Xiva honi bo’lgan Saidabdullaxon «qo’g’irchoq xon» edi, aslida hokimiyatni Junaidxon boshqarar edi. Butun harbiy, siyosiy kuch uning qo’lida bo’lib, o’z hokimligini xalqqa ma’lum qilish uchun Junaidxon pul ham bostirib chiqardi. Uning puli atlasga ishlangan bo’lib, «turma qog’oz» nomi bilan yuritilgan. Qeyinchalik Junaidxon nomi bilan qog’oz pullar ham bosib chiqarila boshlandi.

1920 yil 2 fevralda Xiva xalq inqilobi g’alaba qozongach Xiva vaqtli inqilobiy komitetining 1920 yil 11 aprelda bo’lgan majlis qaroriga asosan Xivaning pul birligi kursi belgilandi. Ushbu qarorga asosan Xivaning qog’oz pul birligi kursi Rus podsholari davridan ishlatib kelinayotgan 1 so’m «krenka» puli 4 so’mlik Xorazmning umumsovet puliga va 1 sum «turkiston boni» puli Xorazmning 5 so’mlik umumsovet puliga teng deb belgilandi. (Uzbekiston Markaziy Davlat arxivi, R-71-fond, 1-ro’yxat, 1-delo, 5-varaq).

Xorazmda Sovet hokimiyati o’rnatilgan dastlabki yillarda muomala uchun zarur bo’lgan pul miqdori og’ir ahvolga tushdi. Fo’karolar urushi, bosmachilik xarakati, Rossiya va Turkiston bilan aloqalar qilishning yomonlashuvi esa bu jarayonni keskinlashtirdi. Xivadagi mavjud pul bosib chiqarish mashinalari va ustalari ishlari to’xtatilib qo’yilgan edi.

Xorazmda Xalq Sovet respublikasining va unda moliya nozirligining tashkil qilinishi muomala uchun zarurp bo’lgan pul birliklarini izga tushirishga imkon berdi. Jumladan, Rossiya markaziy ijroiya komiteti bilan shartnomalar qilindi va ana shu asosda Xorazm respublikasini muomala uchun zarur bo’lgan pul bilan ta’minlash maqsadida pul bosib chiqarish asbob uskanalarini va mutaxassislarini yordamga chaqirish va pul bosib chiqarishni yo’lga qo’yish ishlari amalga oshirildi.

1920 yil aprel oyidan boshlab Xivada yangi pul birligi bosib chiqarila boshlandi. Uning old tomonida qishloq xo’jalik ishchi va dehqonlarining ittifoqini bildiruvchi o’rok, jo’xori poyasi, bel tasviri, gerb tarzida tasvirlangan edi. (Xiva muzey zapovednigi eksponatlari).

Xorazmda bosib chiqarilayotgan pullar qog’ozning kamligi, uskunalar va mutaxassislariing etishmasligi sababli etarli mikdorda pul bosib, chikarishga imkon bo’lmadi. Ana shu sababdi Xorazmda boshqa pullar xam ko’plab ishlatildi. Jumlalan. 1921 yil 1 yanvardan boshlab RSFSRning 1919 yilda bosib chikarilgan pul birligi ishlatila boshlandi. Bu o’z kiymatiga ko’ra shu davrda yurib turgan Rossiya «kronka» guli (eng kimmatli)ga teng va turkbon nominaliga nisbatan 10 baravar kimmatli eli. (M.K. Mamadjanov. Sotsialno-ekonomicheskie preobrazovaniya i razvitie ekonomiki Xorezmskoy Narodnoy Sovetskoy respubliki, Toshkent, 1974, 63-bet).

Xorazm XSRda 1920-1921 yillarda muomala uchun zarur bo’lgan pullar moliya ishlari yomon ahvolda ekanligini Xorazm Xalq Sovet respublikasi nozirlar Sovetining raisi Menglixo’ja Ibniyaminov 1921 yil 21 mayda Xalq vakillarining II Butunxorazm qurultoyida so’zlagan ma’ruzasida Xorazmda pul chiqarish qiyin bo’layotgani pul chiqarish miqdorini oshirib yuborish pulni qadrsizlanishiga olib kelishini, shuning uchun davlatga to’lanadigan soliqlarni pul bilan emas, balki natural asosda tovarlar bilan to’lash lozimligini, bu pulni qadrsizlanishini oldini olishini to’g’ri ko’rsatgan edi. (Istoriya Xorezmskoy Narodnoy Sovetskoy respubliki (Sbornik dokumentov), Tashkent, 1976, 95-bet).

Xorazmda 1920 yil may oyidan 1921 yil may oyigacha 489 million 549 ming so’m Xorazm puli bosib chiqarilgan va Rossiyadan 225 million so’m qog’oz pul olingan, Junaidxon davrida bosib chiqarilgan 3 million so’m pul ham muomalada bo’lib, jami Xorazmda 717 milliondan ortiqroq pul mavjud edi. Bu Xorazmda mavjud 1million aholining har biriga o’rtacha 717 so’mdan to’g’ri kelishini ko’rsatadi.

Respublikada 1921 yilda yig’iladigan barcha daromadlar xarajatlarni 1G’40 qismini qoplaydigan bo’lib qolgan edi. Xarajatlarni xammasi bosib chiqariladigan pul bilan qoplanaveradigan bo’lsa pul o’ta qadrsizlanar edi. 1921 yilla muomala uchun zarur bo’lgan 9,5 milliard so’m o’rniga 50 millard so’m pul bosib chiqarishga to’g’ri kelar edi.

1922 yil va 1923 yilning boshlarida ham pul muomalasi jarayonlari tartibli yo’lga qo’yildi deb bo’lmaydi. Davlat korxonalari smetasiz keragicha pul olar edilar. Soliqlar, bozor tushumlari ham yaxshi yo’lga qo’yilmaganligi sababli pul muomalasini tartibga solib bo’lmadi. Xorazm pul birligining kiymati tusha bordi.

Xorazm Xalk Sovet respublikasi moliya noziri M. Divanovning 1923 yil mart oyida hukumatga bergan hisobiga va arxiv hujjatlariga nazar solsak ko’ramizki Xorazmda 1921 yil iyunidan 1922 yil iyunigacha ya’ni bir yil mobaynida qog’ozdan, misdan, atlasdan 158 milliard 854 million so’mlik pul bosib chiqarilgan, kirim 23 milliard so’mni, chiqim esa 168 milliard 869 million so’mni tashkil qilgan shuningdek, davlat fondiga qimmatbaho toshlar, oltinlar, kumushlar, qimmatbaxo buyumlar va boshqa 44 milliard so’mlik narsalar yig’ib olingan. (Istoriya Xorezmskoy Narodnoy Sovetskoy respubliki, (Sbornik dokumentov), Toshkent 1976, 199-bet).

Xorazm Xalq Sovet respublikasi tuzilgandan keyin uch yarim yil davomida 100 milliard so’mlik Xorazm puli bosib chiqarildi. Bu pullar Xorazm respublikasidan tashqariga chiqarilmadi va o’z qimmati tushib ketganligi tezda sezilib qoldi.

Bu davrda 1 milliard 100 million RSFSR pullari ham Xorazmda ishlatila boshlandi. Bu pulning qadrsizlanishini yanada oshirdi. (M.K. Mamadjanov. Sotsialno-ekanomicheskie preobrazovaniya i razvitie ekonomiki Xorezmskoy Narodnoy Sovetskoy respubliki, Tashkent, 1974, 63-bet).

Xorazm Xalq Sovet respublikasida muomala uchun zarur bo’lgan pulning tartibga solinmaganligi, pul birliklarining respublika tomonidan mustaqil boshqarish imkoniyati bo’lmagani uchun chetdan qadrsiz qog’oz va boshqa pullar oqimining beto’xtov kirib turishi Xorazmda chiqarilgan pullarning chetda qadrsizlanishi va ishlatilmasligi respublika iqtisodiy qiyinchiligining bosh sabablaridan biri bo’ldi, xalq turmushini og’ir ahvolga olib keldi va respublikaning pul mustaqilligidan mahrum bo’lishiga sabab bo’ldi.

1923 yil 31 mayda va 9 iyulda Xorazm Xalq Sovet respublikasi Markaziy Ijroya komiteti prezidiumida respublika pul birligi kursi ko’rib chiqildi va bu majlisda uzoq munozara va muhokamalardan keyin Xorazm pul birligini RSFSR pul birligi kursiga aylantirishga qaror qilindi. Unda 10 so’mlik Xorazm pulining 1 so’mlik Rossiya puli birligi bilan qiymati teng deb qabul qilindi. Pul birliklarini almashtirish muddati 1923 yil 10 iyuldan 10 avgustgacha bir oy qilib belgilandi. Ushbu qarorda bozorlarda mahalliy pul o’rniga Rossiya pul birliklarini almashtirishda suistemolchilikka yo’l qo’yilmaslik uchun Xorazm pulini saqlab qolish lozimligi haqida tushuntirish ishlari olib borgan kishilarni qattiq jazolash ko’rsatilgan edi.

Pullarni almashtirish Xiva, Urganch, Xonqa, Hozorasp, Shovot, Gurlan, Toshxovuz, Ilonli, Xo’jayli, Mang’it, Qo’ngrad simgari shaharlardagi va rayon markazlaridagi 18 kassada amalga oshirildi.

Belgilangan bir oy muddatda almashtirilmasdan qolgan Xorazm pul birliklari muomalada o’z qiymatini yo’qotgan deb xisoblanadi. (O’zbekiston Markaziy Davlat arxivi, R-71-fond, 1-ro’yxat, 113-delo, 83-varaq).

1924 yil 14 fevralda muomala uchun zarur bo’lgan pullar bosib bo’lingach SSSR pul birliklarini bosib chiqarish to’xtatildi. Ularning o’rnini qoplash uchun 1924 yilda kaznacheyskiy biletlar, kumush va mis pullar bosib chiqarildi.

1924 yil iyun oyiga kelganda SSSRning barcha hududlarida, shuningdek Xorazm SSRda ham pul birliklarini almashtirish amalga oshirilib bo’lindi. Qadrsizlangan pullarning deyarli hammasi yig’ib olindi. Muomalada bo’lgan Xorazmning qog’oz pullari 91 milliard 600 million so’m miqdorida edi. (M.K. Mamadjanov. Sotsialno ekonomicheskie preobrazovaniya i razvitie ekonomiki Xorezmskoy Narodnoy Sovetskoy respubliki, Toshkent, 1974. 119-121-betlar).

1922-1924 yillar davomida amalga oshirilgan pul islohoti Xorazmda Sovet hokimiyati yillarida amalga oshirilgan birinchi pul islohoti edi.

Oltin, kumush, mis pullar bundan keyin ham aholining qo’lida ishlatilib kelindi. Bu pullarni aholining ko’llaridan yig’ib olishda 20-yillarning oxiri va 30-yillarning boshlarida savdobop va aholi uchun kamyop tovorlarning faqat oltin va kumish pullariga sotish siyosatining yuritilishi bo’ldi. Natijada aholi qo’lidagi oltin va kumush pullarning asosiy qismi markaz tomonidan o’zlashtirildi.

Ikkinchi pul islohoti 1947 yilda va uchinchisi esa 1961 yilda amalga oshirildi. Bu islohot ham muomaladagi 10 so’mlik pullar 1 so’m qiymatiga ega deb qabul qilindi va yangi pul belgilariga o’tildi.

Maqsud Matkarimov "Xorazm Respublikasi" 1993

KO`P O`QILGANLAR