Qosim Ibn al-Husayn Ibn Ahmad al-Xorazmiy
Xorazmda XII asrning ikkinchi yarmi XIII asr boshlarida yashab ijod etgan shoir al-Qosim ibn al-Husayn ibn Ahmad al-Xorazmiy o’zining sermahsul ijodini arab tilida bayon qilib kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirgan allomadir. Shoir arab tili va adabiyotini juda yaxshi bilgan va o’zi ham shu tilda ajoyib asarlar yaratib bila olgan.

Qosim ibn al-Husayn to’g’risida mashhur arab geografi va sayyohi Yoqut al-Hamaviy (1179-1229) o’zining “Mo’’jam al-udab’” (“Adiblar qomusi”) nomli asarida ko’proq ma’lumot beradi.

Xorazmda bo’lgan vaqtida unikida bo’lganligi, suhbatlashgani to’g’risida yozib qoldirgan. Al-Qosim ibn al-Husayn shoir bo’lishi bilan birga olim ham bo’lgan. U til adabiyot, falsafa, fiqh, hadis kabi fanlarga oid ko’pgina asarlar yozgan. Yoqut al-Hamaviy o’zining yuqorida eslatilgan kitobida shoir asarlarining ro’yxatini bergan. Bu ro’yxatda al-Qosim al-Husayn ibn Ahmad al-Xorazmiy Zamahshariyning va boshqa shoir, olimlarning asarlariga yozgan sharhlari hamda ayrim kitoblari mavjudligini ta’kidlagan.

Mahmud az-Zamahshariyning “Al-Mufassal” asariga yozilgan uch jildlik “Sharh al-Mufassal li -az-Zamahshariy”, shuningdek, “As-Sabika”, “Yolebi”, “At-Tajmir” (“Birlashtirish”) asarlariga sharh yozgan. Abu A’lo al-Mariyning “Sakt uz-Zaid” asariga bag’ishlab yozgan sharhi, “At-Ta’dik” (“Tushuntirish”), Al-Haririyning “Maqomat-lar”iga bag’ishlangan sharh “Kitob as-sir fi-l-i’rab”, “Kitob sharh al-abniya”, “Grammatik shakllar o’zgarmasligini sharhlovchi kitob”, “Kitob az-zavaayla va-l xabaya” (“Puchmoqlar va maxfiy narsalar haqida kitob”), “Kitob-al muhassil li-l muxsila” (“O’rganiladigan narsaning hosilasi haqidagi kitob”, “Kitob ujala-safar fi-sh-shi’r” (“She’riyatga shoshilinch safar”), “Kitob badoi’- al –milx”, (“Nodir fasohatli iboralar kitobi” va boshqa bir qancha asarlar yaratgan.

Shu narsa harakterliki, Yoqutning ta’kidlashicha, shoir muhtojlikda hayot kechirsa ham Xorazmshohning amaldorlaridan biri Ash-Shihab al-Xufiy mansab va o’n dinor va’da qilib uning yonida she’r o’qib o’tirishga da’vat qilganida buni rad qiladi. Bu esa shoirning xalqparvarligini ko’rsatadi.

Al-Qosim ibn al-Husayn ibn Ahmad al-Xorazmiy 1221 yilda mo’g’ullar Gurganch shahrini vayron qilganlarida ko’pchilik vatanparvarlar qatori qatl qilinadi. Shoir, adib Qosim ibn al-Husayn Yoqut so’zlari bilan aytganda: – “U o’z davrning yagonasi, o’sha asr kishilarining peshvosi, ilmul maoniy va uslub egasi, sharqu-g’arbning faxri” bo’lgan.

© D.Bobojonov, M.Abdurasulov “Abadiyat farzandlari” 2009.
© Xorazm Ma’mun akademiyasi nashriyoti, 2009.

KO`P O`QILGANLAR