Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hay’ati yig’ilishining qarori bilan uning nomida maxsus mukofotlar ta’sis etilgan, ko’plab tarmoq fidoyilari ustoz an’analarini davom ettirib, ana shu mukofotlar ga sazovor bo’lganlar.
Matrasul Xudoyberganov 1916 yili Shovot tumanida tavallud topgan. 1938 yili pedagogika bilim yurtini, 1941 yili Urganch o’qituvchilar tayyorlash o’quv muassasasini tugalladi.
Ammo, unga o’z ixtisosligi bo’yicha mexnat faoliyatini izchil davom ettirish nasib etmadi. Barcha tengqurlari qatori Ikkinchi jahon urushi janggohlariga otlandi. Kursk shahri ostonalarida, ilk bor dushman bilan ro’baro’ keldi... Beomon urush shafqat bilmaydi. Dushman bilan to’qnash kelganda ikkilansang, hayallasang daydi o’q qurboniga aylanasan. Urush vaqt bilan xisoblashmaydi: na kechaning farqi bo’ladi va na kunduzning. O’q yomg’irlari ostida tinkani quritadigan darajadagi yurishlar...
Dushmanga qarshi yurishlarning birida yonginasida portlagan mina parchalari yosh askarni erga qulatdi. U dala gospitalida hushiga kelganidagina bir necha joyidan og’ir yaralanganligini bildi. 1943 yili tibbiyot komissiyasi tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgach, ona yurtiga qaytdi.
Shundan so’ng Matrasul Xudoyberganov xalq ta’limi tizimida, keyinchalik viloyat miqyosidagi qator rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Shuningdek, 1953 yili, keyinchalik 1980-81 yillarda "Xorazm haqiqati" gazetasi bosh muharriri o’rinbosari lavozimida faoliyat ko’rsatdi. Ana shu davriy nashrdagi faoliyati mobaynida ijtimoiy turmushning dolzarb masalalarini tezkor ravishda ilg’ab olib, mushtariylar e’tiboriga havola etish, ta’sirchan materiallar tayyorlash kabi sifatllari bilan yoshlarga ibrat ko’rsatdi. U ijtimoiy turmushning barcha jabhalari, publitsistikaning rang-barang janrlarida birday samarali qalam tebratar, hayot kun tartibiga qo’yayotgan masalalarni matbuot sahifalarida dadillik bilan ko’tarib chiqar, shu bois uning har bir materiali jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinardi.
Esimda, 1981 yilning o’rtalaridagi ijodiy yig’ilishlardan birida publitsistika janrining o’ziga xos xususiyatlari, jurnalist mahorati haqida qizg’in gap bordi. O’shanda M.Xudoyberganov qalamiga mansub "Yashashdan maqsad" sarlavhali publitsistik material haqida ijobiy fikrlar bildirilib, unda voqelik, insonning burch-mas’uliyati haqidagi masalalar yuksak ko’tarinkilik bilan talqin qilinganligi mamnuniyat bilan qayd etildi. "Insonga hayot bir marta beriladi. Va unda munosib yashash, o’zidan yaxshi nom, el-yurt farovonligini oshirish yo’lida yorqin izlar qoldirish har bir kishining chin insoniylik burchidir" deya nuqta qo’yiladi publitsistik materialga.
M.Xudoyberganov chuqur mulohaza yuritadigan, fikrlash doirasi keng inson bo’lib, bosiqlik, vazminlik, etti o’lchab bir kesish, qo’li ostidagilarga g’amxo’rlik u kishiga xos fazilatlar edi.
Qalbi daryo inson hayotining salmoqli qismi xalq ta’limi tizimida kechdi. Ustoz muallimning serqirra hayoti jo’shqin qo’shiqqa qiyos qilgulik. Hamkasblar uzoq yillar u kishining rahbarligi ostida ishlash jarayonida undan odamgarchilik, chin insoniylik, fidoyilik "fanlaridan" saboq oldilar, o’quv-tarbiya sohasining sir-asrorlarini pishiq-puxta o’rgandilar.
Ustoz uzoq yillar viloyat xalq ta’limi tizimiga rahbarlik vazifasida faoliyat ko’rsatar ekan, diqqat-e’tiborni tarmoqning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o’quv dargohlaridagi shart-sharoitlarni davr talablariga monad tashkil qilish, pedagoglar safini yuqori malakali, salohiyatli kadrlar bilan mustahkamlash, ilg’or tajriba va uslublar, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etishga qaratdilar.
Xalq ta’limi fidoyisining ko’p yillik samarali faoliyati beiz ketgani yo’q. Uning ko’plab iqtidorli shogirdlari ayni kunda ham ustoz boshlagan ezgu ishlarni sadoqat bilan davom ettirmoqdalar.
Xa, tavalludining bir asrlik to’yi nishonlanayotgan kunlarda M.Xudoyberganov boshlagan, tashabbuskori bo’lgan, yorqin iz qoldirgan ibratli ishlar mamnuniyat bilan tilga olinyapti. Ulardan kundalik amaliy faoliyatda keng qo’llanilayotir. Demak, umrini el xizmatiga baxshiyda etgan fidoyi inson hayotdan ko’z yumgan esada uning nomi dillarda, tillarda abadiy yashamoqda.
Ollabergan RAJABOV