Turon davlatlari. Xiva xonligi (1511- 1920)
1505 yili Temuriylar tasarrufida bo’lgan Xorazm hududini Shayboniyxon boshchiligidagi ko’chmanchi o’zbeklar egalladi. Shayboniyxon vafotidan keyin (1510) Xorazm Eron safaviylari tomonidan zabt etildi.

Ammo ularga qarshi ko’tarilgan xalq qo’zg’oloni nihoyasida safaviylar mamlakatdan quvib chiqarildi. Xorazmliklar taklifi bilan chaqirilgan shayboniylar etakchisi Elbarsxon 1511 yili Xorazm hukmdori deb tan olindi. Elbarsxon bilan birga Dashti Qipchoqdan kelgan ko’chmanchi aholi ham Xorazmda o’troqlashgan.

Xiva xonligiga Xorazm, shuningdek Manqishloq, Dehiston, Uzboy bo’yidagi turkmanlar ko’chib yuruvchi hududlar va Xurosonning shimoliy qismi kirgan. Poytaxti dastlab Vazir, keyinchalik Urganch va Xiva shaharlari bo’lgan. Elbarsxon tobe hududlarni o’g’illari va qarindoshlariga bo’lib bergan. Bu esa uning vafotidan keyin o’zaro taxt uchun kurashni kuchaytirib yuborgan. Natijada xonlar tez-tez almashib turgan.

O’zaro urushlardan foydalangan Buxoro xoni Abdulloxon II 1593 yili Xiva xonligini bosib oldi. Ko’p o’tmay xonlik yana mustaqillikka erishdi.

XVII asr boshlariga kelib Xorazm taxti uchun bo’lgan sulolaviy kurashlardan so’ng hokimiyatni egallagan Arab Muhammadxon davrida Xiva xonligida parokandalik yanada kuchaygan. Rus kazaklari, qozoqlar va qalmoqlarning talonchilik yurishlari, Arab Muhammadxonning o’g’illari Habash va Elbarslarning otalariga qarshi chiqishlari hokimiyatni kuchsizlantirgan. Bu kurash natijasida Arab Muhammadxon halok bo’ladi. Padarkush farzandlar esa oradan ko’p o’tmay akalari Asfandiyor tomonidan taxtdan tushirilib, qatl qilinadi.

Eron shohi Abbos I homiyligida taxtga chiqqan Asfandiyorxon davrida mamlakat hayotidagi keskinlik saqlanib qoldi. Orol bo’yidagi o’zbek qo’ng’irotlari Asfandiyorga bo’ysunmay qo’yishdi. Mamlakatda tarqoqlik va zulm kuchaydi. Bundan foydalangan yirik mulkdorlar Abulg’oziy Bahodirxonni xon qilib ko’tarishdi. Mamlakatda bir qadar barqarorlik tiklandi. Madaniyat va san’at rivojlandi.

Xiva xonligi Eron va Buxoro xonligining to’xtovsiz hamlalarini qaytarishga majbur bo’lgan. Elbarsxon davrida (1728- 1740) Eron shohi Nodirshoh Xiva xonligiga hujum qilib, uni o’ziga bo’ysundirdi (1740). Nodirshoh vafotidan so’ng (1747) xonlik yana mustaqil bo’lib oldi.

1804 yildan boshlab Xiva xonligida taxtni qo’ng’irot o’zbeklari sulolasi rasmiy ravishda egalladi. Muhammad Rahimxon davrida (1806—1828) qo’shni mayda bekliklar, Orol atrofidagi qabilalar Xiva xonligi tarkibiga qo’tttib olindi. Xonlik shaharlari - Xiva, Yangi Urganch, Hazorasp, Xo’jayli, Toshhovuz, Gurlan, Xonqa va boshqalarda hunarmandchilik rivojlandi, ular savdo markazlariga aylantirildi.

XVI-XIX asrlar davomida Xiva xonligi hududlari doimo o’zgarib turgan. Dastlab xonlik hududi Horazm vohasidagina joylashgan bo’lsa, keyinchalik uning chegarasi janubda Eron va Marvgacha, shimolda Ural daryosigacha bo’lgan erlarga cho’zilgan, sharqda Buxoro amirligi, g’arbda esa Kaspiy dengizi qirg’oqlarigacha etgan. Chor Rossiyasi istilosidan keyin Amudaryoning chap qirg’og’ida 62237,2 kv. km. er maydoniga ega kichik vassal davlatga aylanib qolgan. Aholisining soni ham doimo o’zgarib turgan. O’rtacha 1 mln. kishi atrofida aholi yashagan. Uning ko’pchiligini o’zbeklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, kam sonli forslar, arablar, ruslar va boshqalar tashkil qilgan.

Xonlikda davlat tili o’zbek tili bo’lib, Buxoro va Qo’qondan farqli o’laroq barcha farmonlar, davlat hujjatlari faqat o’zbek tilida yozilgan.

XIX asrda Xorazm hududida 1500 ga yaqin boshlang’ich maktab va 103 madrasa mavjud bo’lgan. Xiva shahrining o’zida 22 ta madrasa bo’lgan. Adabiyot, tarixnavislik, xattotlik, musiqa san’ati, me’morlik va madaniyatning boshqa sohalarida muayyan yutuqlar qo’lga kiritilgan.

Munis, Ogahiy, Feruz, Komil Xorazmiy, Kamron, Bayoniy, Xisraviy, Murodiy, Rojiy, Mutrib Xonaxarobiy, Laffasiy singari shoir va adiblar ijodi o’zbek adabiyoti rivojida o’ziga xos o’ringa ega. Tanbur chizig’i notasini yaratgan Komil Xorazmiy “Maqomi feruz Shohiy” asari va “Panjgoh” maqomi bilan o’zbek millati san’atiga katta hissa qo’shgan. Abulg’oziyxon “Shajarayi turk”, “Shajarayi tarokima” asarlari bilan Xorazm tarixnavislik maktabiga asos solgan bo’lsa, Munis va Ogahiylar “Firdavs ul-iqbol”, “Zubdat ut-tavorix”, “G’iyos ud-davlat”, “Jome ul-voqeoti sultoniy”, ”Shohid ul-iqbol” asarlari bilan tarix sohasini yanada rivojlantirdilar. Bayoniyning “Shajarayi Xorazmshohiy”, “Xorazm tarixi” asarlari O’zbekiston tarixini o’rganishda asosiy manbalar hisoblanadi.

Xiva shahrida saqlanib qolgan qadimiy me’morlik inshootlari, asosan, xonliklar davrida qurilgan. Bularga Anushaxon hammomi, Sherg’ozixon madrasasi, Muhammad Aminxon madrasasi, Ko’xna Ark, Toshhovli, Karvonsaroy, Islomxo’ja minorasi, Qal’a devori, Nurillaboy saroyi va boshqalar kiradi.

1830-1840 yillarda Orenburg harbiy gubernatori V.A.Perovskiyning Xivaga yurishi muvaffaqiyatsiz tugadi. 1842 yili Xiva xonligi bilan Rossiya o’rtasida o’zaro hamkorlik haqida bitim tuzildi. Ammo 1873 yili Fon Kaufman boshchiligidagi rus qo’shinlari uch tomondan hujum qilib, Xivani egalladi. Xiva Rossiyaning vassaliga aylandi.

Bu og’ir sharoitda mamlakatni boshqargan Muhammad Rahimxon II (Feruz) madaniyat va san’at rahnamosi sifatida tarixda qoldi. Uning o’zi va saroyda to’plangan Ogahiy, Komil, Tabibiy singari shoirlar o’zbek adabiyoti rivojiga munosib ulush qo’shdilar. Uning davrida Xivada bosmaxona tashkil etildi. Bu matbaada Alisher Navoiy va boshqa shoirlarning devonlari, tarjima asarlar chop etildi. Muhammad Rahimxonga Orenburg kazak qo’shinlarining general-leytenanti unvoni berilgan edi. Rossiya hukumati o’z to’qimachilik sanoatini xomashyo bilan ta’minlash uchun Xiva xonligida paxta etishtirishni kuchaytirdi. 1890 yil 200 ming pud, 1900 yil 400 ming pud paxta olindi.

1917 yilgi Oktyabr to’ntarishidan so’ng Xiva xonligida siyosiy kurash avj olib ketdi. 1920 yil 2 fevralida Qizil Armiya yordamida xon taxtdan tushirildi va Xiva xonligi hududi 1920 yil 26 aprelda Xorazm Sho’rolar Jumhuriyati deb e’lon qilindi.

Elbarsxon (1511-1524)
Sulton Hojixon (1524)
Husaynqulixon (1524)
Sufyonxon (1524--1536)
Hasanqulixon (1536-1539)
Aqatoyxon (1539-1556)
Yunusxon (1556-1557)
Do’stxon (1557-1561)
Hoji Muhammadxon (1561-1602)
Buxoro xonligi vassali (1593-1598)
Arab Muhammadxon (1602- 1622)
Elbars Sulton va Habash Sulton (1622-1623)
Asfandiyorxon (1623-1642)
Buxoro xonligi vassali (1642-1645)
Abulg’ozi Bahodirxon (1645-1663)
Anushaxon (1663-1687)
Xudoydodxon (1687-1689)
Ernak Muhammadxon (1689-1694)
Jo’ji Sulton (1694-1696)
Valixon (1696-1698)
Shohniyozxon (1698-1702)
2-Arab Muhammadxon (1702-1704)
Sayid Alixon (1704-1706)
Musaxon (1706-1708)
Yodgorxon (1708-1714)
Eshim Sulton (1714-1715)
Shergozixon (1715 -1728)
Elbarsxon (1728-1740)
Eron shohlari vassali (1740-174 7)
Tohirxon (1740-1741)
Nuralixon (1741-1742)
2- Abulg’ozixon (1742-1746)
Goyibxon (1746-1756)
Qoraboyxon (1756-1757)
Temurgozixon (1757-1763)
Tavkaxon (1763-1764)
Shoh G’ozixon (1764-1767)
Abulg’ozixon (1767)
Nuralixon (1767-1768)
Bulakayxon (1768-1769)
Jahongirxon (1769-1770)
Muhammad Amin Inok (1770-1790)
Avazmuhammad Inok (1790- 1802)
Abulg’ozixon Yodgorxon o’g’li (1802-1804)
Eltuzarxon (1804-1806)
Muhammad Rahimxon (1806-1825)
Ollokulixon (1825-1842)
Rahimkulixon (1842-1846)
Muhammad Aminxon (1846-1855)

KO`P O`QILGANLAR