Urganch paxta-yog’ zavodining ishga tushirilishi
Moskva paxtachilik shirkati vakili D.Kuzin urganchlik Yoqubboy Ibrohimovdan sotib olingan er maydonida “Bolshaya Yaroslavskaya manufaktura” tomonidan qurilgan zavod Xiva xonligida paxta tozalash sanoatining birinchi qaldirg’ochi edi.

Zavod qurilishi tez sur’atda bitkazildi va mahalliy qurilish xom ashyolaridan: pishgan g’isht, ganj, ohak va maydalangan toshdan foydalanildi. Qurilish ishlarida rus va nemis ustalari bilan bir qatorda mahalliy ustalar: o’zbek, qoraqalpoq, tatar millati vakillari va boshqalar qatnashdilar. Qurilish bir yarim yil davom etdi va 1889 yilning dekabr oyida bitkazilib ishga tushirildi.

Korxona uchun zarur dastgoh, jin jihozlari AQShning Nyu-York dengiz portidan Atlantika okeani, O’rta Er va Qora dengizlardan o’tib Odessaga olib kelingan. So’ngra temir yo’llar orqali Kaspiy dengizi osha Zakaspiy temir yo’lidan Chorjo’ygacha, undan Amudaryo bo’ylab kemalarda Cholish pristaniga tushirilgan. Keyin ot va tuya aravalarida Yangi Urganchga keltirib o’rnatilgan. Barcha yo’l xarajatlari oltin pul hisobiga 370 ming rublga tushgan.

Urganch paxta tozalash va yog’-moy ishlab chiqarish zavodi nafaqat vohada, balki butun O’rta Osiyoda ish boshlagan ilk zavod va fabrikalardan biri edi. Shundan so’ng o’tgan asrlarda yuzlab sanoat korxonalari qurilgan bo’lsada, aynan Urganch paxta tozalash va yog’-moy ishlab chiqarish zavodi tajriba (etalon) maktabi bo’lgandi.

Kezi kelganda vohada chigit ekish va undan olinadigan mahsulotlarni qanday usullar bilan ishlab chiqarilishini eslatib o’tish foydadan holi emas. Bu yoshlar uchun o’tgan avlod-ajdodlar tarixini bilish, mehnatni qadrlash va kelajakda ilmiy-texnika bilimlarini egallash, olg’a tomon intilishga yordam berishi aniq.

Gapning indallosini aytganda, avval xorijda ham paxtani qo’lda terish, chuvish, chigitini tozalash va undan yog’-moy olish usuli Xorazmdagidan deyarlik farq etmagan. Tan olish zarurki, tadbirkor va ishbilarmon amerikaliklar bu sohada ham inqilobiy o’zgarishlarni yasab tashabbuskor bo’lishgan. Tarixiy adabiyotlarning guvohlik berishicha, ilm-fanga qiziqqan amerikalik qishloq o’qituvchisi Eli Uitney qizi bilan baliq oviga otlanadi. Ular velosipedda ketayotganida qarmoqning uchi qizning ko’ylagiga ilinib, uning bir tolasini yulib oladi.

Bu voqea paxta tolasini chigitdan ajratishdagi mavjud qiyinchiliklardan xabardor bo’lgan bilimdon o’qituvchini qo’l usuliga nisbatan mehnat unumdorligini oshiruvchi texnika yaratishiga sabab bo’ladi. U o’z rejasini amalga oshirish uchun tinimsiz izlanadi. Nihoyat, 1793 yilda katta shov-shuvga sabab bo’lgan paxta tolasini chigitdan ajratuvchi birinchi mashina yaratadi.

Eli Uitney bu mashinani o’z ixtirosining sababchisi bo’lgan qizining ismi bilan “Jin” deb atadi. Keyinchalik amerikalik mexanik Xojin Xolms “Jin” mashinasini yanada takomillashtirdi, ya’ni uning ilmoqli barabani o’rniga arrali val qo’llab, “Arrali jin” mashinasini yaratadi. Keyinchalik “Arrali jin”larning “Kotton jin”, “Presso-Kontinental”, “Xardvich-Etter”, “Murrey”, “Lyumus” va boshqa rusumlari yaratiladi. Ularda arrali valning diametri 254, 305, 317 mm. ni tashkil qilar edi. 1840 yili yana bir amerikalik ixtirochi Makkarti soatiga 28-30 kg. tola ajratuvchi g’o’lali “jin” yaratadi. Bu mashina uzun, ingichka tolali paxtani ishlashda juda qulay edi. Shundan keyin bu ixtirolar dunyoning paxtachi mamlakatlariga keng tarqaldi.

XIX asrning ikkinchi yarmida O’rta Osiyo xonliklarining to’la-to’kis bo’ysundirilishi 1883-1900 yillarda Zakaspiy-Ashxobod-Chorjo’y-Buxoro-Samarkand-Toshkent temir yo’lining ishga tushirilishi va uning Orenburg-Farg’ona vodiysi shaharlari bilan bog’lanishi Evropa mamlakatlari, dastavval Angliya korchalonlari g’azabini keltirdi. Shuning uchun ham Buyuk Britaniya o’zining Hindistondagi ayg’oqchilarini Toshkent, Buxoro, Xivaga jo’natib turdi. Shulardan biri Toshkentdagi O’rta Osiyo savdo shirkati vakili N.N.Kudrin, Angliya fuqarosi Tomas Chisher va tatar tilmochi Fayzirahmon Axabiev Xiva xoni Feruz qabulida bo’lib 40 yil muddati bilan tashlandiq erlardan joy ajratib berishni so’radi. Ajnabiylar foydaning teng yarmini xonlikka qoldirish sharti bilan zavod qurishga shartnoma tuzishni taklif etdilar. Xon mustamlaka sharoitida hayot kechirayotganligini inobatga olib xorijliklarning bunday takliflarini qabul qila olmasligini e’lon etadi. Ushbu voqea markazdagilarning qulog’iga etib borgach, xonlikda paxta-yog’, ko’n-teri, g’isht zavodlarining sonini keskin rivojlantirishga turtki bo’ldi.

Avvallari tayyorlangan paxta hosili qo’lda chigitdan ajratilib olingan va tolasi atanak, charxda ip (nox) kalavalanib qo’l dastgohlarida to’qimachilik usulida gazlama mahsuloti hosil etilardi.

Tozalangan chigit ish hayvonlari kuchi bilan harakatga keltiriladigan juvozlarda ezilib yog’-moy hosil qilingan. Shu tariqa paxtadan chigitni ajratib olish, chigitdan yog’-moy olish usuli Urganch, Xiva shahar va tumanlarida XIX asrning oxirigacha, ayrim qishloqlarda XX asrning 30-yillarigacha davom ettirilgan. Hatto juvozlar haqida qo’shiqlar to’qilgan:

“Jiyiq”-sasi go’yo qo’shiq sozdayin,
Qanchalik ko’p chigit o’tsa ozdayin.
Ishlab tursang, mudom ko’nglim yozdayin,
Hech tinmayinlar aylanaver, juvozim.
* * *
To’xtamasang ko’payar rizq-ro’zimiz,
Semiradi sigir, ho’kiz, qo’zimiz.
Ming bor shukur xizmatingdan rozimiz,
Hech tinmayinlar aylanaver, juvozim.

(O’. Davletov, “Sevinchim-dardim”, T. “Fan”, 2013 . 212 – bet.)

Taxminiy hisob-kitoblarga qaraganda Xiva xonligi va Amudaryo bo’limida 10 mingga yaqin charx, bir yarim mingdan ziyodroq juvoz bo’lgan.

1889 yil dekabrning so’nggi kunlari erta tongdan zavod gudoklari baland ovoz chiqarib urganchliklarni uyqudan uyg’otgan.

Paxta etishtirishdan keladigan daromadning ko’pligi xususiy mulk egalarining sohaga bo’lgan qiziqishlarini yanada oshirdi. Paxta tozalash korxonalari tarqoq ravishda bo’lsada xususiy mulk sifatida tashkil topa boshladi.

1890 yilda Xonqada rus kapitalisti K.M.Chernikov foydani teng bo’lish sharti asosida, Avazboy Qozi Madyorov erida paxtaga dastlabki ishlov beradigan zavod quradi. Keyinchalik Chernikov Avazboy Qozi bilan kelisha olmay zavodni Yangi Urganchga ko’chiradi. Avazboy Qozi esa o’zi mustaqil zavod quradi. Xonqaning ko’zga ko’ringan kishilaridan Najmiddin boy Petro-Aleksandrovsk shahridan Pitrey degan urallik ustani yollab, elektr quvvati bilan ishlaydigan tegirmon va paxta tolasini chigitdan ajratuvchi dastgohlarni qurdirgani ham ma’lum. Bu kichik zavod dastlab 6 ot kuchiga, keyinchalik 9 ot kuchiga ega bo’lgan quvvat ta’minlagich (dvigatel) bilan ishlay boshladi.

1890 yili rus kapitalisti Manuyilov Xonqa shaharchasida er sotib oladi va zavod qurdiradi. XX asr boshlarida tuman hududida 6-ta paxta tozalash zavodi bor edi. Biroq bular juda kichik zavodlar bo’lgan. 1903 yilda Manuyilov va Novopanskiy Urganch va Toshhovuzda bittadan, 1904-1905 yillarda yana ikkita paxta zavodi qurganlar.

Vohadagi zavodlarda ishlovchilar soni terim mavsumida 1500 kishi bo’lib, shundan 415 kishi doimiy malakali ishchi-xizmatchilar bo’lgan. Shundan Urganch paxta-yog’ zavodida 150 kishi ishlagan va korxonaning o’rtacha yillik sof foydasi 350-370 ming rubl (oltin pul hisobidan) bo’lgan.

Yangi Urganchdagi “Bolshaya Yaroslavskaya manufaktura”ga tegishli paxta tozalash zavodining quvvati yiliga 20-25 pud paxta tozalashga etgan, boshqa zavodlarniki esa undan ham kam, atigi 3-10 pud paxta tolasi ishlab chiqargan. Zavod ishchilari: rus, o’zbek, qozoq, qoraqalpoq va boshqalar mulk egalari tarafidan shafqatsiz ekspluatatsiya qilinar edilar. Ular kuniga 14-16 soat ishlashga majbur bo’lishgan. Mehnat muhofazasi, ishchilar hayoti va sog’ligini sug’urta qilish va ish joylarining sanitariya holatini ta’minlash degan tadbirlar yo’q edi. Bunday sharoitda ishlagan ishchilar orasida baxtsiz hodisalarda jarohat ko’rish yoki halok bo’lishga olib kelgan voqealar tez-tez uchrab turardi. Ishchilarning ish haqi yiliga 20 rubldan oshmasdi. Kimda-kim norozilik bildirsa uni osongina ishdan haydashardi. Masalan, 1906 yilning may oyida Urganch paxta tozalash va yog’ zavodidan besh kishi ishdan haydalgan. Ularning haq-huquqlarini himoya etadigan kasaba uyushmalari yoki qonun-qoidalar bo’lmagan.

Chigitdan paxta yog’i olish dastgohi - Juvoz XIX asr

© K.Nurjonov. “Xorazm sanoatining to’ng’ichi”

KO`P O`QILGANLAR