Urganch paxta-yog’ zavodining qayta tiklanishi
1889-1919 yillarda xonlik aholisini paxta yog’i, sovun, kunjara, sheluxa bilan ta’minlab ortiqchasini chet ellarga eksport qilib turgan Urganch paxta-yog’ zavodi va boshqa korxonalarni qaytadan ishga tushirish kechiktirib bo’lmas vazifa edi.

Bunday murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vazifani amalga oshirish uchun albatta ilg’or texnologiya va mutaxassislar etishmasdi. Tan olmaslikning iloji yo’qki, ilmiy texnika sohasida ancha ilgarilab ketgan evropaliklar dastavval Farg’ona vodiysi va Xorazm vohasi korxonalarida tozalangan paxta mahsulotlari va undan olinadigan ikkilamchi xom ashyoni suv tekinga sotib olib katta foyda ko’rayotgan edilar.

Evropaliklar paxta mahsuloti tolasidan har xil materiallar to’qiganlar, tikuv kalavalari, arqonlar, baliq tutish to’rlari, rezina quvurlari, avtomobil sanoatida foydalanish uchun maxsus matolar, kinotasmalar, laklar, oliy navli qog’ozlar tayyorlaganlar. Shuningdek, jun va ipakdan mato tayyorlashda ham paxta tolasi aralashtirilgan. Paxtaning chigitidan iste’mol yog’i olinib konserva sanoatida, margarin yog’i, mayonez tayyorlashda ishlatilardi. Paxta yog’i olingandan keyin qolgan chigitdan sanoat yog’i yoki aliflar, ulardan glitserin, steorin va boshqa mahsulotlar - xo’jalik va atir sovunlari ishlanardi. Chigitni qayta ishlashdan qolgan chiqindilari –kunjara va sheluxalar qishloq xo’jaligida chorva mollari uchun to’yimli ozuqa sifatida foydalanilardi. Xulosa qilib aytganda, paxta tolasi, chigit, poya novdasi va yaproqlaridan 150 turdan ko’proq har xil moddalar olinardi. Texnika ekinlari orasida paxtaga nisbatan ko’p mahsulot olinadigan ekin turi yo’q.

Paxta va paxta mahsulotlarining beqiyos darajada sermahsul, serdaromad soha ekanligini yaxshi bilgan sho’rolar hukumati to’xtab qolgan paxta tozalash va yog’-moy zavodlarini milliylashtirish, paxta plantatsiyalarini ko’paytirish, dehqon xo’jaliklariga kredit berish, tovar ayriboshlash choralarini ko’rishga kirishdilar. Quyida keltirilgan tarixiy hujjat fikrimizni tasdiqlaydi.

Turkiston Respublikasi paxta komitetining 1921 yillar Xorazm Respublikasidan paxta xom ashyosi olish

Sh A R T N O M A S I

Xorazm Respublikasida paxta etishtiriladigan maydon 10000 desyatina qilib belgilansin.

1. Xorazm Respublikasi Turkiston Respublikasiga 10000 desyatina maydonda etishtiriladigan paxta xom ashyosining hammasini berish majburiyatini o’z ustiga oladi.

2. Xorazm Respublikasi Turkiston Respublikasiga har bir desyatinadan 50 pud paxta hisobida, jami 500 ming pud paxta xom ashyosi topshirish majburiyatini oladi.

3. Turkiston Respublikasi har bir 50 pud paxta xom ashyosiga quyidagi tovarlar bilan hisoblashadi:

1. Ketmon - 2 dona
2. Paxta tolasidan to’qilgan matolar (manufaktura) 90 arshin
3.Tikuvchilik yipi (nox) - 6 o’ram
4.Lampa yog’i (kerosin) - 40 funt
5. Gugurt - 80 quticha
6. Tuz - 60 funt
7. G’ildirak moyi - 6 funt
8. Mayda teri - 3 dona
9. Paxta urug’lik chigiti - 5-7 pud

Eslatma: Paxta urug’lik chigiti me’yori paxta komiteti va Xorazm Respublikasi vakillari ishtirokida urug’lik chigitning sifatiga qarab belgilanadi.

4.Turkiston Respublikasi ekish davri uchun 10000 desyatina ekiladigan maydon hisobidan quyidagi birinchi bo’nakini ajratadi:

1. Pul mablag’i - 200 ming rubl (tillo pul)
2. Paxta tolasidan to’qilgan matolar - 90 arshin
3. Kerosin - 2500 pud
4 .Tikuvchilik ipi - 10 ming o’ram

5. Turkiston Respublikasi keyingi bo’naklarni barter paxta nihollariga ishlov berish va paxta hosilini yig’ish davrida beradi. Beriladigan bo’naklarning jami miqdori qabul qilinadigan 500 ming pud paxta qiymatining beshdan ikki qismidan oshmasligi kerak.

6. Xorazm Respublikasi tomonidan topshiriladigan paxta uchun beriladigan tovarlar va pul mablag’lari Turkiston Respublikasi tomonidan belgilangan joyga keltiriladi.

7. Topshiriladigan barcha paxta xom ashyosi paxta komiteti belgilagan paxta qabul qilish maskaniga Xorazm Respublikasi tomonidan kelishilgan muddatda keltiriladi.

8. Xorazm Respublikasi bilan paxta komiteti o’rtasidagi to’liq hisob-kitob paxta tayyorlash mavsumi tugagandan keyin amalga oshiriladi.

Paxta komiteti raisi: Muravev
Hosilotlik bo’limi mudiri: Glushanov
Toshkent shahri, 3 mart 1921 y.

Xorazm Xalq Respublikasi ushbu shartlar asosida Turkiston Respublikasiga paxta xom ashyosi etkazib bera boshladi. (O’zMA.fond 3.op.1.10 - bet)

Baxtga qarshi 1921 yil dekabr oyiga kelib pul sinib (devalvatsiya), qadrsizlanib qolgan. Bozorda bug’doyning narxi paxta narxidan bir necha marotaba oshib ketgan. Mehnatkash paxtakor dehqonning yashash sharoiti og’irlashgan. Uning shirkat xo’jaliklariga bo’lgan ishonchi susaygan.

Shunga qaramasdan paxtakor dehqonlar o’zlari etishtirgan hosilni hukumatga qarz yoki suv tekinga sotishga majbur edilar. Bu davrda shirkat xo’jaliklaridan sotib olingan paxta hosilini ombor va paxta punktlarida saqlash amrimahol edi. Vaziyatni hisobga olib paxta punktlari va zavod omborlari atroflarida militsiya bo’limlari, “Qizil tayoqlar” posbonlari qo’yildi.

Surunkali davom etgan fuqarolar urushi va milliy ozodlik harakatlari xalq xo’jaligini batamom izdan chiqardi. Sho’rolar hukumati “Er dehqonlarniki, zavod va fabrikalar ishchilarniki” degan shior e’lon etilganidan so’ng binoyidek ishlab turgan korxonalar, savdo-sotiq va boshqalar izdan chiqdi. Mamlakatda alg’ov-dalg’ov, parokandalik, kambag’alchilik, qaxatchilik boshlandi. Rossiyadan bug’doy kelishi, o’z navbatida Turkistondan paxta tolasi va yog’-moy mahsulotlari borishi keskin kamaydi.

Mamlakat iqtisodini jar yoqasiga olib kelgan Markaziy hukumat yangi iqtisodiy siyosat (NEP) ni o’ylab topdi. Ya’ni zavod va fabrikalar, savdo-sotiq avvalgi egalariga qaytarildi. Lekin bunday g’ayri oddiy siyosat uzoq davom etmadi.

Buning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari shundan iborat ediki, Xorazmda ta’sis etilgan muvaqqat hukumat XXSR a’zolari sobiq boylar va markazdan yuborilgan, mahalliy sharoitni mutlaqo bilmaydigan bolsheviklardan iborat edi.

Oddiy xalq, ayniqsa, oz sonli korxonalarning xo’jayinlari esa kimga ishonishni bilmasdilar. Shu tariqa 1919 yil dekabrdan 1923 yil 15 yanvargacha vohadagi paxta tozalash va yog’-moy zavodlari ishdan to’xtagan, to’g’rirog’i, ularning aksariyati talon-toroj etilgan edi.

Muvaqqat hukumat nima qilib bo’lsa ham chigit ekish, xom ashyo etishtirish va zavodlarni ishga tushirish chora-tadbirlarini ko’rdi.

1922 yil dekabr oyida Xiva shahrida XXSR Davlat plan komissiyasining (raisi A.Cherdantsev) yig’ilishida Yangi Urganchdagi sobiq Kraft, Manuylov zavodini milliylashtirib ishga tushirish, rahbar va xodimlar ish haqini belgilash hamda respublikadagi boshqa zavodlarni Urganch paxta-yog’ zavodi tajribasi asosida yuritish masalasi maxsus ko’rib chiqildi. Plan komissiyasi tasdiqlagan 19-sonli bayonnomada quyidagi ish jadvali va oylik maoshlari qat’iy belgilandi.

Boshqaruvchi -12,5 rubl (tillo pul hisobida)
Tarjimon -11,5 rubl
Hisobchi -11,7 rubl
Injener -11,4 rubl
Kucher -11,7 rubl
Mashinist -11,5 rubl
Uning yordamchisi -11,4 rubl
Juvozchi(yog’chi –2 kishi) -18 rubl
Omborchi 2 kishi -15 rubl

Shuningdek Gurlan, Mang’it, Xonqa zavodlari boshqaruvchilarining har biriga 19 rubldan, presslovchi va jinchilarga 8 so’m 50 tiyin, ishchilarga 7 rubl 50 tiyindan haq to’lanadigan bo’ldi.

1923 yilning aprel oyida barcha zavodlarda ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi va ularga mahalliy aholidan, ichki ishlar bo’limidan “Qizil tayoq” posbonlar qo’yildi.

Xorazmda 1924 yilning 22 iyulida paxta tozalash sanoati korxonalarini tiklash va ularni milliylashtirish oxiriga etkazildi. Ya’ni barcha mulkdor shaxslarga qarashli paxta zavodlari davlat ixtiyoriga olib berildi. Urganch paxta – yog’ zavodining birinchi rahbari etib sobiq ishchi kommunist Cherezov tayinlandi.

Tabiiyki, uning rahbarlik salohiyati etarlicha emas, hisobchi, hatto o’rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar ham yo’q. Cherezov vaziyatni to’g’ri anglab faxriy ishchi-xizmatchilarga tayanib ishga jiddiy kirishdi. Bir tomondan remont ishlari davom ettirildi, ikkinchi tomondan mavsumga qarab paxta qabul qilish jadvali tuzilib quyidagicha belgilandi:

1 chorak - oktyabr-noyabr-dekabr oylari
2 chorak - yanvar-fevral-mart oylari
3 chorak - aprel-may-iyun-iyul oylari
4 chorak - avgust va sentyabr oylari

Urganch paxta-yog’ zavodi xo’jalik faoliyatining birinchi yillarida mehnatga haq to’lash 17 razryadda tasdiqlangan tarif setkasi bo’yicha belgilangan. Eng yuqori haq to’lash – birinchi razryad hisoblangan. Ko’p tarmoqli ushbu korxona tarkibida quyidagi ishlab chiqarish zavod tsex va bo’limlari bo’lgan.

1. Paxta tozalash zavodi
2. Moy-juvoz zavodi
3. Rafinatsiya (yog’ni oqlash) va sovun pishirish tsexlaridan tashkil topgan.

Zavodni paxta bilan ta’minlash Xiva, Urganch, Qo’shko’pir tumanlaridagi paxta sotib olish punktlari orqali va dehqonlardan to’g’ridan-to’g’ri sotib olish orqali ta’minlanardi. Paxta chigiti esa Gurlan, Xonqa, Toshhovuz va Xo’jayli tumanlaridan olinar edi. Paxta katta qanor xaltalarga to’lg’azib yoki yon-atrofi xoda bilan o’ralgan chetan aravalarga yuklab zavodga keltirilardi.

Urganch yog’ zavodida 1924 yilda jami 4 ta jin, Gracheva sistemasida ishlaydigan vintli press va quvvati 32 ot kuchiga teng bo’lgan “Goristi” dvigateli mavjud bo’lgan. Zavodning 1924 yilda 1913 yilgi quvvatining 50 foizidan foydalanilgan, xolos.

1924 yil davomida quvvati 125 n.r. bo’lgan bug’ mashinasi, sig’imligi 1500 pud bo’lgan 2 ta yog’ni oqlash (rafinatsiyalangan) qozoni va sig’imligi 1800 pud bo’lgan 1925 yilning oxirida 2 ta sovunni pishirish qozoni, 2 ta sovunni mexanik usulda va qo’lda kesadigan asbob-uskunalar ishga tushirilgan. Ushbu qozonlarda yoqilg’i sifatida sheluxadan foydalanilgan.

Zavodda o’lchov tarozi bo’lmagan, mahsulotlar taxminiy hisoblangan. Faqat 1924 yilga kelib alohida buxgalteriya tashkil qilingan. Zavodda bu davrda 2 markada rafinatsiyalangan yog’, 2 turdagi (markada) xo’jalik sovuni va paxta tolasi, shuningdek, ishlab chiqarish chiqindisi hisoblangan sheluxa va kunjara plitalari ishlab chiqarilgan. Kunjarani o’lchab sotishda bir dona kunjara plitasi choyxonada o’lchab kelib o’rtacha og’irligi chiqarilib realizatsiya qilingan. Yog’ni sotishda o’lchab berilmagan taxminiy idishlarda (bidon, bochkalarga) solib aniqlangan. Natijada bu mahsulotlarni sotishda noaniqliklar, kam yoki ortiqcha bo’lishiga yo’l qo’yilgan.

Texnologik uskunalarning tuzilishini yaxshi tushunadigan malakali mutaxassislar bo’lmaganligi uchun ham uskunalarni ta’mirlash yoki yangisini qurib ishga tushirish o’ziga xos bayram hisoblangan.

Zavodda hisobot ishlaridagi xodimlar tez-tez almashtirilgan. 1924 yilning 1 iyulidan 1925 yilning iyuligacha 5 nafar bosh hisobchi almashtirilgan. Ba’zan zavod bosh hisobchisiz qolgan vaqtlari ham bo’lgan.

O’simlik yog’ini ishlab chiqarish qo’l mehnati bilan bog’liq bo’lgan. Har bir 6-7 kg. tovar qo’l bilan tashilib gidropressga solinar, press qilingandan so’ng qo’lda kesilib kunjara olinar va shu tartibda yog’ olishga juda ko’p vaqt talab qilinardi. Qora yog’ni tozalash uchun brezent yoki sukno materiali ishlatilgan. 1925 yilda 12 dona linter o’rnatilib linter tsexi ishga tushirildi. Korxonada texnika xavfsizligi juda og’ir ahvolda, tsexlarda ish sharoitlari ko’rimsiz, mexanizmlar tasmalar yordamida harakatga keltirilgan. Tsexlarda tabiiy yorug’lik etishmasdi, ish joylari iflos, sovuq bo’lgan. Tayyorlov tsexida aspiratsiya bo’lmagan. Shunday sharoitlarda ishlab chiqarishni tashkil qilib 1924-1925 yillarda zavodda yiliga 524 tonna o’simliik yog’i va 90 tonna xo’jalik sovuni ishlab chiqarishga erishilgan.

1927-1929 yillarda yangidan 4 ta gidropress va yog’ni o’lchaydigan tarozi qurilib foydalanishga topshirilgan.

1929 yilda isrof bo’ladigan yog’ hajmini kamaytirish va undan chiqadigan chiqindi kunjarani kesadigan uskuna o’rnatildi. Shuningdek, linter tsexida o’rnatilgan linterlar soni 20 taga etkazilgan. Bundan tashqari quvvati 250 ot kuchiga ega bo’lgan “Kompaund” mashinasi, isitish maydoni 151 kv.m bo’lgan bug’ qozoni, 10 atmosfera bosimida ishlaydigan uskunalar o’rnatilib issiqlik manbai tsexi kengaytirilgan.

Amalga oshirilgan tadbirlar, yangi dastgohlarning o’rnatilishi va Sankt-Peterburgdagi Putilov zavodi jamoasi otalig’ida Urganch paxta tozalash va yog’-moy zavodi Xorazmda eng samarali korxona deb tan olindi va unga “Krasniy Oktyabr” nomi berildi.

Korxona jamoasi 1928 yilda 4326 tonna, 1929 yilda 20175 tonna, 1930 yilda 23175 tonna va 1932 yilda 30704 tonna paxta chigitini qayta ishlagan. Shundan 1928 yilda 794 tonna, 1929 yilda 3597 tonna, 1930 yilda 3820 tonna va 1931 yilda 5038 tonna qora moy ishlab chiqarilgan. Zavodda 1928 yilda 204 tonna, 1929 yilda 600 tonna, 1930 yilda 590 tonna va 1931 yilda 964 tonna xo’jalik sovuni ishlab chiqarilgan. Texnologik jarayonlar takomillashib borgan sari chigitni qayta ishlash paytida mahsulot olish hajmi oshgan va tabiiy nobudgarchilik darajasi keskin kamaygan.

Zavod hududlari o’zi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni saqlash, ot-arava, mashinalar tirband bo’lib ketganligi sababli uni ikkiga ajratish, ya’ni yangidan paxta tozalash zavodi qurish yoki uni boshqa joyga ko’chirish kun tartibida ko’ndalang bo’lib turardi.

© K.Nurjonov. “Xorazm sanoatining to’ng’ichi”

KO`P O`QILGANLAR