Farzandlarimizga eng afzal narsani meros qoldirishga harakat qilaylik
Xalifa Mansur lavozimga tayinlangan paytda uning huzuriga Muqotil kelgan ekanlar. Shunda xalifa Mansur Muqotilga «Menga bir nasihat qiling», debdilar. Hazrati Muqotil «Ey mo’minlarning amiri! Ko’rganlarimni gapiraymi, eshitganlarimni gapiraymi?» debdilar. Xalifa «Ko’rganingizni gapiring», debdi. Muqotil shunday debdi: «Umar ibn Abdulazizni ko’rdim. 11 ta o’g’li bor edi. Atigi 18 dinor meros qolgan edi, 5 dinoriga kafanlik oldik, 4 dinori dafnga ketdi, qolgan 2 dinorni 11 ta o’g’ilga taqsim qilib berdik.

Hishom ibn Abdulmalikni ham ko’rdim. U ham xalifa edi. Undan 10 ta o’g’il qoldi. Har bir o’g’liga bir million dinordan meros tegdi. Umar ibn Abdulazizning bir o’g’li Alloh yo’lidagi bir g’azotga 100 ta ot sadaqa qilganini ko’rdim. Hishom ibn Abdulmalikning bir o’g’li bozorda tilamchilik qilib yurganini ko’rdim».

Umar ibn Abdulaziz ana shunday zot bo’lganlar. U kishi jon berayotganlarida «O’g’illaringizga nimalar qoldiryapsiz, ey mo’minlarning amiri?» deb so’rashgan. Umar ibn Abdulaziz bergan javob Islom tarixini, insoniyat tarixini to qiyomatga qadar bezab turadi. U zot shunday deganlar: «O’g’illarimga taqvoni meros qilib qoldiryapman. Agar ular solih bo’lsalar, Alloh solihni do’st tutadi, bundan qayg’urmayman. Ammo ular osiy bo’lsalar, osiy bo’lishga yordam beradigan mol-mulkni qoldirmadim».

Bu ibratli voqeani aytishdan maqsad shuki, mol-dunyoning taqsimi, merosning taqsimi ma’lum, ota-onadan mol-dunyo qolsa, uni faroiz ilmiga ko’ra bo’lib beramiz. Ammo ota-ona farzandiga boshqa narsani ham qoldiradiki, bu – ma’naviy merosdir. Hazrati Payg’ambar alayhissalom «Hech kim farzandiga go’zal odobdan yaxshiroq narsa bera olmaydi», deganlar.

Har qancha boylik qoldirishingiz mumkin, har qancha mol-mulk qoldirishingiz mumkin, ammo ularning hech qaysisi odob-axloqdan yaxshi, go’zal xulqdan afzal bo’lmas ekan. Biz ana shu merosga hushyor bo’laylik, farzandimizga eng afzal narsani meros qoldirishga harakat qilaylik, azizlar!

Sayyid Rahmatulloh Termiziy
Mehrob.uz

KO`P O`QILGANLAR