Ota hovlining kenja o’g’ilga qoldirilishi haqida
Bu ham bizda yozilmagan qonundek bo’lib ketgan, yozilmagan qonun bo’lsa ham, yozilgan qonundan ko’ra ko’proq kuchga kirib ketgan. Meros mol-mulkning, ayniqsa, hovlining oiladagi kenja o’g’ilga qolishi o’zbek xalqida qat’iy odat tusiga kirib qolganidan, ba’zan katta akalar bunga rozi bo’lishadi. Ammo kimdir astoydil rozi bo’lsa, kimdir o’lganining kunidan, andisha qilganidan rozi bo’ladi. Lekin shariatning hukmiga ko’ra, meros to’g’ri taqsimlanib, har bir aka yoki opa yoki boshqa merosxo’r o’ziga qancha ulush tegishini bilgandan keyin, uni olmaslikka rozi bo’lsagina uning roziligi o’tadi.

Bir misol. Ota vafot qildi, ota hovlida kenja o’g’il qolyapti, otaning uy-joyiga, mol-mulkiga ham shu o’g’il qarab qolyapti. Uning akalari, opalari bor, faroiz qonuniga ko’ra ular ham merosdan ulushi olishi kerak. Ammo ular kelib, «Mayli, biz rozimiz, otamga shu o’g’il qaradi, hovli-joy unga bo’laqolsin», deyishsa, bunday rozilik o’tmaydi. Avval oyatda aytilgan tartibda taqsimlanadi, kimga qancha ulush tegishi aniqlanadi. Chunki rozi bo’layotgan odam nimadan voz kechib, nimaga rozi bo’layotganini bilishi kerak. Shundagina uning roziligi, merosdan voz kechgani haqiqiy bo’ladi. «Mening ulushim mana buncha ekan, lekin alhamdulillah, mening imkoniyatim o’zimga etarli, ukajon, shu ulush ham senga bo’la qolsin», desa, ularning ixtiyori. Biroq, merosni taqsimlamay turib rozi bo’lishlari o’tmaydi.
Ba’zi noqobil farzandlar ota-onaning davrida alohida uy-joy qilib, chiqib ketib, o’zlaricha mustaqil bo’lib qolishadi. Go’yo keksa ota-onaga qarash kim ota hovlida qolgan bo’lsa, o’shaning burchidek. Yana uyalmay, «Hovli-joy o’ziga qoladi, qaraydi-da» deyishadi. Afsuski, bu hol hozir juda ko’p uchrayapti. Biroq, iymoni bor, ilmi bor, ixlos-e’tiqodli farzandlar ham tobora ko’payib boryapti. Allohning roziligi uchun ota-onasiga haqiqiy xizmat qilayotgan, ota-onani parvarishlashda bir-biri bilan musobaqa qilayotgan, jannatni onaning oyog’i ostidan topayotgan, otasini rozi qilib, Allohning roziligiga sazovor bo’layotgan birodarlarimiz, aka-uka, opa-singillarimizdan ibrat olaylik, ularning haqqiga duo qilaylikki, barchamiz ham qariganda farzandlarimizdan ana shunday mehr-oqibat ko’raylik. Ana shunday farzandlar ota-onaga qarab, ota hovlida qolishi aslida mantiq jihatdan adolatga yaqinroq tuyuladi. Misol uchun, odatda otaga ko’proq kichkina o’g’il qaraydi, davolatadi, nafaqa beradi, natijada ota-onaning mehri o’sha o’g’ilga ko’proq tushadi-da, shu o’g’limizga qoldiraylik deb maslahat qilishadi. Ammo bu ish shariatga muvofiq bo’lsagina durust bo’ladi. Buning uchun ota-ona hayotligida, sog’-salomatligida «Mol-mulkimizning falon qismi mana shu o’g’limizga berilsin» deb uyni o’sha o’g’ilga vasiyat qilishi kerak.

Sayyid Rahmatulloh Termiziy
Mehrob.uz

KO`P O`QILGANLAR