Xorazmda «Muoz Ibn Jabal» masjidi qad ko’tardi
Masjid qurish, uni obod qilish, namoz o’quvchilar uchun qulay sharoit qilib berish Alloh ulkan savobni va’da qilgan afzal amallardan bo’lib, inson vafotidan keyin ham savobi to’xtamay yozilib turadigan sadaqai joriyalardandir.

Bu borada Alloh taolo “Tavba” surasi 18-oyatida marhamat qiladi: “Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to’kis ado etganlar, zakot berganlar va Allohdan boshqadan qo’rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o’shalar hidoyat topuvchilardan bo’lsalar».

Shunday muborak kunlarda Xorazm vohasi ahli yana bir xursandchilikni guvohi bo’lishdi. Joriy yilning 11-dekabr kuni Xiva tumanida yangi “Mulla Abduqodir bobo” nomli jome’ masjidi ochilgan bo’lsa, 15-dekabr juma kuni Urganch tumanida yangi «Muoz ibn Jabal» masjidining ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Marosimda O’zbekiston musulmonlari idorasining Xorazm viloyat vakili X. Abdullaev, O’zbekiston musulmonlari idorasi Movarounnahr nashriyoti direktori Abdujalil Xo’jam ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirga Xorazm viloyati hokimi o’rinbosari H. Ataxonov, Urganch tumani hokimi O. Bekchanov, Viloyat Nuroniy jamg’armasi raisi M. Jumaniyozov va bir qancha mehmonlar, faxriylar tashrif buyurdi.

UMI Xorazm viloyati vakili X.Abdullaev bugungi kunda yaratib berilayotgan sharoitlar to’g’risida so’zlab, bularning barchasi tinchlikning samarasi ekani va bandasi shukronalik hissi bilan yashashi kerakligini ta’kidlab, Urganch tumanida ochilgan “Muoz ibn Jabal” jome’ masjidining eski holati, bugungi ko’rinishi haqida ma’lumotlar berdi: Masjid zamonaviy qurilish talablariga to’liq javob beradi. Imom xatibga tayyorlangan xona zamonaviy qulayliklarga ega. Masjid sahnida shakldor bog’ va gulzor yaratilyapti. Bu muborak maskanlarda qilinadigan ibodatu duolar turli balo-ofatlar rad bo’lishiga va xayru barakaga mo’l bo’lishiga sabab bo’ladi, inshoalloh. Muhimi ‒ masjidlar yosh avlodni ma’naviyatli, barkamol insonlar bo’lib tarbiya topishlarida, ularni turli adashgan oqimlar, zo’ravon to’dalar ta’siriga tushib qolishdan asrashda, shuningdek, jinoyatchilikning oldini olishda juda katta o’rin tutadi. Ushbu masjid ham ana o’shanday dargohlardan biri bo’ladi.

So’zga chiqqan Movarounnahr nshriyoti rahbari Abdujalil Xo’jam yig’ilganlarga O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlarining salomlarini etkazdi. Bu yangi jome’ masjid Urganch tumani aholisi uchun mo’’tabar manzilga aylanishini ta’kidladi. Masjid qurilishiga har tomonlama yordam bergan homiylar tashakkurnoma va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.

Shundan so’ng tadbir ishtirokchilari masjid ochilishi munosabati bilan tayyorlangan oshga taklif qilindi. Tadbir so’ngida el-yurt tinchligi va yurtimiz obodligi, hayotimiz yanada farovon bo’lishini tilab xayrli duolarga qo’l ochildi.

Xulosa qilib aytganda, yangi tiklangan bu masjid har taraflama mukammal, qulay, ko’rkam va huzurbaxshligi bilan ajrab turadi. Zotan, masjid insonlarni ma’naviy poklovchi muqaddas dargohdir.

M.Sobirov tayyorladi zamaxshariy.uz

KO`P O`QILGANLAR