Ogahiy buyuk siymo
Muhammadrizo Erniyozbek o’g’li Ogahiy 1809 yilning 17-dekabrida Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog’ida ma’rifatli va badavlat mirob oilasida dunyoga keladi.

Diniy, falsafiy va umuminsoniy haqiqatlarni ifodalagan qur’oniy mavzular va milliy mafkura ramzlaribuyuk allomalar, mutafakkirlar ijodidan muhim o’rin olgan bo’lib, bu sohada, xususan mumtoz adabiyotimizning yirik namoyandalaridan biri, Boburning tili bilan aytganda “ko’p va xo’b yozg’on” likda Navoiydan keyingi o’rinda turadigan mutafakkir Muhammadrizo Erniyozbek o’g’li Ogahiy merosi ham kengqamrovli va noyobligi bilan qimmatli hisoblanadi. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov Xivaning 2500 yillik tantanalaridagi tabrik so’zida Xorazm zaminida etishgan va avlodlar ehtiromiga sazovor bo’lgan buyuk siymo Ogahiy nomini ham tilga olgan edi. Albatta, bu bejiz emas, zero, MuhammadRizo Erniyozbek o’g’li Ogahiy zabardast shoir, mohir tarjimon, tarixchi, olim va ulkan davlat arbobi sifatida ma’lum va mashhurdir.

Muhammadrizo Erniyozbek o’g’li Ogahiy 1809 yilning 17-dekabrida Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog’ida ma’rifatli va badavlat mirob oilasida dunyoga keladi. Otadan erta etim qolib, amakisi, zamonaning etuk shoiri, xonning bosh mirobi Munis Avazbiy o’g’li Xorazmiy qo’lida tarbiya topadi.

1829 yilda Munisning 51yoshida vafot etishi, yosh shoir uchun katta yo’qotish bo’ldi. Ogahiy 20 yoshida Xiva xoni Olloqulixon tomonidan miroblik vazifasiga tayinlanadi. Sabru qanoati tufayli elda aziz, ishga fidoiylik, vatan ravnaqi uchun jonini fido etishga bel bog’lagan Ogahiyning miroblik davri (1829-1857) Xorazmda ko’pgina yangi kanallar qazilib, suv inshootlari qurilgani, vohaning sug’orish istiqbollari borasidagi muammolarning oqilona hal bo’lishi uning nomi bilan bog’liqdir. Ulug’ shoir otdan yiqilib oyog’i jiddiy lat egach, miroblikdan iste’foga chiqqadi va nazm, tarix bitish, tarjimonlik bilan mashg’ul bo’ladi. U 1874 yilning dekabr oyida oltmish besh yoshida vafot etadi va o’zi tug’ilgan Qiyot qishlog’idagi “Mavlon bobo” qabristoniga, amakisi Munis qabriga yonma-yon dafn qilinadi.

Ogahiyning umr yo’li sakkiz nafar xon hukmronlik qilgan davrlarda kechadi. U 8 xil boshqaruv muhitida ham o’zi tanlagan saodatli yo’ldan og’ishmay yashagan, ishlagan va ijod qilgan. U davr Xiva xonligini Muhammadrahimxon I, Olloqulixon, Rahimqulixon, Muhammad Aminxon II, Sayidabdulloxon, Qutlug’murodxon, Sayidmuhammadxon va Muhammadrahim- xon II Feruz idora qilgan davr edi.

Ogahiy amakisi Munis boshlagan “Firdavs ul-iqbol” nomli katta tarixiy asarni davom ettirib, o’ttiz yoshida uni 1825 yil Olloqulixonning Xiva taxtiga o’tirish yili voqealari bayoni bilan yakunlaydi. Muarrixning Olloqulixon hukmronlik qilgan davr (1825-1843) to’g’risidagi “Riyoz ud-davla”(1844 yilda yozilgan), Rahimqulixon saltanati davri (1843-1846) ga bag’ishlangan “Zubdatut-tavorix” (1846-yilda yakunlangan), Muhammadaminxon hukmronligi davri (1846-1855)ga bag’ishlangan.

“Jome’ul-voqeoti sultoniy”(1856 yil yozilgan), Sayid Muhammadxon hukmronlik davri (1856-1865) to’g’risidagi “Gulshani davlat” (1865 yil yozilgan), Muhammad Rahimxon soniy- Feruz saltanati voqealari xususida ma’lumot beruvchi “Shohid ul-iqbol” (1873 yil voqealari bayonida uzilib qolgan) deb nomlangan asarlarida, Xorazmning 1813 yildan to 1873 yilgacha oltmish yillik tarixi, diniy vaziyat, vohada yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar, iqtisodiyot va qishloq xo’jaligi, shahar qurilishi va sug’orish ishlari, kasbu hunar va boshqa ko’plab voqealar yilma–yil, oyma –oy izchillik bilan bayon etiladi.

Ogahiy bu asarlarida o’zi shaxsan tanigan yoki har biri haqida ishonchli ma’lumotlar to’plagan necha yuzlab tarixiy shaxslar va voqea –hodisalar haqida so’z ochar ekan, ularning har biriga ta’riflar beradi, xulq atvori, fazilatlari, nuqsonlari zikrida mohirlik bilan Qur’on oyatlari va hadislardan iqtiboslar keltirib, ularning qiyofasini yaqqol gavdalantiradi. Ogahiy o’z she’rlarida kishi ruhiy boylikka ma’rifat orqali erishmog’i mumkinligi haqida uqtirib, nodonlik-johillikka qarshi jamiyatni ilm-ma’rifatga chaqiradi:

Ilm andoq ganji nofe’dur bani odamgakim,
Kimda ul bo’lsa, iki olam bo’lur obod ango.
Kasbi ilm etmay kishi gar qolsa mahzi jahl ila,
Iki olam obro’yi bo’lg’usi barbod ango.

Ushbu baytlarda Ogahiy ta’lim-tarbiyaga jamiyat hayotidagi eng ahamiyatli masala tarzida qarab, inson ilm-ma’rifat bilan aziz bo’lishi va mutolaa uchun tinmay sa’y-harakat qilishi lozimligini ta’kidlaydi.

Ilm va olimlarning fazilatlari, ikki dunyoda erishadigan daraja va martabalariga doir oyat va hadislardan istifoda qilib, mashhur kishilarni shunday ta’riflagan. Jumladan: “Baldai Urganjdinkim maskani ma’lufidin kelturub dor us-saltanatayi Xevaq masjidi jomi’ining mudarrislig’ig’a mansub etib amr qildi. To ul aziz har kun kalomi rabboniy tilovatidin so’ng bu ilmi sharif qavoidining ta’limig’a ishtig’ol ko’rguzib, husni adoyi maxorijdin tullobni bahramand etgay, va andog’kim quduvvatul afozil va jomi’ul fazoyil, maqsadul qurro, afzal ul urafo Shahobuddin hoji Muhammad qorikim, ilmi tajvid va qavoidi qiroatda qoyim maqomi imomi Osim va noyibmanob hazrati Nofe’ rohimahumalloh erdi. Oz fursatda ul ilmi sharifni ul zotni qoshida nihoyat kamolg’a etkurdi va tamomat hurufni husni ado bila o’z maxorijidin chiqorurda qurroyi sab’ag’a angushti tahayyur tishlatti…”

“Firdavs ul-iqbol” asaridan keltirilgan ushbu parchada zikri kelgan Shahobuddin Muhammad ibn Husayn al-Xevaqiy o’z zamonasining etuk ulamolaridan, qorilaridan bo’lgan. Ibni Asir o’zining “Komil fit tarix” asarida u kishining Xivadagi 15 ta madrasada talabalarga dars berganini aytib, qilgan xizmatlari haqida ma’lumotlar berib o’tgan. Shaxobuddin Xevaqiy haqida ma’lumotlar judayam kam bo’lib, uning shaxsiyati, mavqei, xizmatlari va ijodi borasida ilmiy tadqiqotlar olib borish dolzarb va muhim ahamiyatga egadir. U kishining qabri hozir Urganch tumanidagi “Shahobuddin bobo” qabristonida joylashgan.

Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratgani va butun koinotni, eru osmonlarni unga bo’ysundirib qo’ygani haqida ko’plab oyatlar nozil qilgan. Shuning uchun dunyodagi jamiki narsa inson ehtiyoji uchun xizmat qiladi. Chunki, inson maxluqotlar ichida eng aziz va mukarram zotdir.Ogahiy o’z ijodida bu mavzuga alohida e’tibor bilan qaraydi:

O’n aql, to’qqiz sipehru1, sakkiz jannat,
G’am etti munir, axtaru2 ham olti jihat.
G’am besh hisu, to’rt unsuru uch mavlid,
G’am ikki jahon bir sanga aylar xizmat.

Ogahiyning tarixiy asarlari o’zbek tarixnavislik fani taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi. Ular O’rta Osiyo tarixining ajralmas tarkibiy qismi bo’lib, Xorazm tarixini, Xiva tarixini tadqiq etish uchun muhim manba bo’lib xizmat qiladi. Muarrixning asarlari tarixni sevishga, qadrlashga, e’zozlashga da’vat etadi. Chunki tarixsiz kelajak yo’q!

SOBIROV MAHMUDJON
Imom Faxriddin ar Roziy o’rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi
Urganch tumani G’oyib ota masjidi imom-xatibi zamaxshariy.uz

1Sipehr- falak, osmon, dunyo.
2Axtar- yulduz, sayyora.

KO`P O`QILGANLAR