Xivada yangi masjid qad ko’tardi
Yurt obodligi, xalqning yuksak madaniyati belgilaridan biri ilm-ma’rifat va ibodat maskanlarining obodligidir. Masjidlarning ko’rkamligi xalqning ma’naviyati va estetik didini ham ko’rsatib turadi.

Masjid qurish, uni obod qilish namoz o’quvchilar uchun qulay sharoit qilib berish Alloh ulkan savobni va’da qilgan afzal amallardandir. Inson vafotidan keyin ham savobi to’xtamay yozilib turadigan sadaqai joriyalardandir. Bu borada Alloh taolo “Tavba” surasi 18-oyatida marhamat qiladi: “Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to’kis ado etganlar, zakot berganlar va Allohdan boshqadan qo’rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o’shalar hidoyat topuvchilardan bo’lsalar». Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : «Kim bir masjid qursa (Allohning vajhini istab)Alloh unga jannatda uning mislini qurib beradi», dedilar. (Sahihul Buxoriy).

Yurtimizdagi masjidlarning bugungi chiroyi zamirida juda katta ma’nolar bor. Qaytadan qad rastlagan yana bir muhtasham masjidning xalqimiz xizmatiga topshirilishi haqidagi xabar har qanday iymonu insofli odamni behad shodlantiradi.

Marosimda O’zbekiston musulmonlari idorasining Xorazm viloyat vakili X. Abdullaev ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirga Xorazm viloyati hokimi o’rinbosari H. Ataxonov, Viloyat Mahalla muvofiqlashtirish kengashi birinchi o’rinbosari O.Rajabov, Viloyat Nuroniy jamg’armasi raisi M.Jumaniyozov va bir qancha mehmonlar tashrif buyurdi. Viloyat bosh-imom-xatibi bugungi kunda yaratib berilayotgan sharoitlar to’g’risida ma’ruza qilib bularning barchasi tinchlikning samarasi ekani va bandasi shukronalik hissi bilan yashashi kerakligini ta’kidlab, Xiva tumanida ochilgan “Mulla Abduqodir bobo” jome’ masjidi haqida so’zlab berdi va O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlarining salomlarini etkazdi. Bu yangi jome’ masjid Xiva tumani aholisi uchun mo’’tabar manzilga aylanishini ta’kidladi. Masjid qurilishiga har tomonlama yordam bergan homiylar tashakkurnoma va esdalik

sovg’alari bilan taqdirlandi. Shundan so’ng tadbir ishtirokchilari masjid ochilishi munosabati bilan tayyorlangan oshga taklif qilindi. Shuningdek, homiylar tomonidan muruvvat uyiga oziq-ovqat mahsulotlari ham tarqatildi. Tadbir so’ngida el-yurt tinchligi va yurtimiz obodligi, hayotimiz yanada farovon bo’lishini tilab xayrli duolarga qo’l ochildi.

Zotan, masjid insonlarni ma’naviy poklovchi muqaddas dargohdir. Masjid zamonaviy qurilish talablariga to’liq javob beradi. Imom xatibga tayyorlangan xona zamonaviy qulayliklarga ega. Masjid sahnisida shakldor gulzorlar yaratilgan. Bu muborak maskanlarda qilinadigan ibodatu duolar turli balo-ofatlar rad bo’lishiga va xayru barakaga mo’l bo’lishiga sabab bo’ladi, inshoalloh. Muhimi ‒ masjidlar yosh avlodni ma’naviyatli, barkamol insonlar bo’lib tarbiya topishlarida, ularni turli adashgan oqimlar, zo’ravon to’dalar ta’siriga tushib qolishdan asrashda juda katta o’rin tutadi. Ushbu masjid ham ana o’shanday dargohlardan biri bo’ladi.

Xulosa qilib aytganda, yangi tiklangan bu masjid har taraflama mukammal, qulay, ko’rkam va huzurbaxshligi bilan ajrab turadi. Bunday ulug’ ishlar har qanday insofli odamning ko’ngliga surur, shu yurtning farzandiman degan har bir kishiga g’urur baxsh etishi tabiiy.

M.Sobirov tayyorladi zamaxshariy.uz

KO`P O`QILGANLAR