Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Nukusda bunyod etilgan ixtisoslashtirilgan oliy sport mahorati maktabi faoliyati bilan tanishdi
Mamlakatimizning boshqa shaharlari qatori Nukus shahri qiyofasi ham yildan-yilga go‘zallashib, zamonaviy turar joylar, istirohat bog‘lari, sport majmualari bunyod etilmoqda.

Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Nukusda yangi qurilgan Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan oliy sport mahorati maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Sportning erkin va yunon-rum kurashi, og‘ir atletika, dzyudo, taekvondo, boks, qilichbozlik, badiiy gimnastika singari 11 turi bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilgan yangi sport majmuasini bunyod etish uchun 15 milliard so‘mlikka yaqin qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan. Zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlangan 7 sport zali, yotoqxona, oshxona, mashg‘ulotlar uchun sun’iy qoplamali sport maydonchalarida 700 dan ziyod o‘g‘il-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, ushbu sport kompleksi yuqorida qayd etilgan sport turlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston terma jamoalari o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazadigan bazaga aylantiriladi. Ushbu majmua o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari uchun yaratilgan imkoniyatlari bo‘yicha mamlakatimizda yagona hisoblanadi.

Prezidentimiz majmuada mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan yosh sportchilar bilan muloqot qildi.

Avvalambor shunday zamonaviy sport inshooti bilan sizlarni tabriklayman, dedi Prezidentimiz. Bu maskanda sport bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit yaratilgan. Endi shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuksak natijalarga erishish kerak.

Davlatimiz rahbari majmuada Qoraqalpog‘iston sport murabbiylarining malakasini oshirish markazini tashkil etish, mashg‘ulotlarni samarali o‘tkazish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Shu yerda Prezidentimiz nomidan og‘ir atletika bo‘yicha nufuzli turnirlar sovrindori Rustam Jangaboyevga uy, dzyudochi Elyor Masharipovga “Malibu” avtomobili, qilichbozlik bo‘yicha xalqaro turnirlar sovrindori Zaynab Dayibekovaga “Nexia” mashinasi berildi. Mashg‘ulotlarga qatnashayotgan boshqa yosh sportchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ziyodulla Jonibekov, A'lo Abdullayev (surat), O‘zA