Paxta va turli o’simliklar donidan yog’-moy olish usulining yo’lga qo’yilishi
O’tgan asrning 70-yillarida dunyo mamlakatlarida yiliga 58-60 mln. tonna paxta etishtirilgan bo’lsa, sobiq Ittifoqda 8-10 mln.tonna, O’zbekistonda 5,5 mln tonna, shu jumladan Xorazm viloyatida o’rtacha 350-400 ming tonna paxta etishtirilardi.

Xorazm viloyatida 1924-2000 yillar oralig’ida chigit ekish, hosil etishtirish va uning o’sishi yoki kamayishini quyidagi jadvalda ko’rish mumkin:

Paxta serdaromad o’simlik. Uning xom ashyosidan qayta ishlab, tozalab 30-40 foiz tola, 60-70 foiz chigit va momiq olinadi. Chigit tarkibida 20-22 foiz moy, 45-50 foiz kunjara, 25-30 foiz sheluxa bor. G’o’za bargi, poyasi va po’stlog’idan 100, tolasidan 50, chigitidan 45 foiz mahsulot olinadi. Paxta mahsulotlaridan to’qimachilik, kimyo, aviatsiya, tibbiyot, avtomobilsozlik, baliqchilik, chorvachilikda foydalaniladi.

Masalan: 3 tonna paxta tolasidan 7-8 ming metr gazlama, 277 kg. paxta moyi, 726 kg. kunjara, 47 kg. sovun, 108 kg. momiq, 240 kg. chigit olinadi. Hatto g’o’zaning kulidan terini oshlashda, zararli hasharotlarga qarshi kurashishda foydalaniladi.

Lekin bu degani, paxtaga qul bo’lish, uni ilohiylashtirish degani emasda. Sho’roviy hukumat O’zbekistonni paxta etishtirish xom ashyo bazasiga aylantirib qo’yib, 80-yillar o’rtasida “Paxta ishi”, “O’zbeklar ishi” degan da’voni o’ylab chiqardi. 34 mingdan ziyod oddiy paxtakor dehqonlar ham tergov-tintuvga tortildilar.

“O’zbekiston qishloq xo’jaligi” jurnalining 1992 yil 8-sonida keltirilgan quyidagi fakt va raqamlar o’sha davrlardagi paxta tannarxini tahlil etib bunday deb yozgan:

“Respublika kolxozlarida bir tsentner paxta etishtirishga ketgan mehnat haqi harajatlari 1988 yilda 35,85 so’mni, 1989 yilda 41,11 so’mni, 1990 yilda 54,72 so’mni tashkil etdi, 1989 yilda esa bu ko’rsatkich 1988 yilga nisbatan 14,7 foiz va 1990 yilda 52,6 foiz ko’p bo’ldi.

Shu narsaga alohida e’tibor berish lozimki, o’zbek paxtakori mehnati faqat qog’ozdagina ulug’landi. Amalda esa, haq to’lashda ijtimoiy adolat printsipi, adolat tarozisi buzildi”.

Voqealar rivoji oqibatida paxtachilik sohasi va u bilan uzviy bog’liq sanoat korxonalarida salbiy holatlar yuz bera boshladi. Bularga barham berish, paxtadan olinadigan kishilar ehtiyoji uchun zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishda etarli imkoniyatlarni izlash uchun ishga kirishildi.

Buning uchun korxona rahbar va mutaxassislari faqat chigitga bog’lanib qolmaslik choralarini ko’rdilar. Tez o’sadigan soya o’simligi, pista, er yong’oq, bodom, o’rik danagi, qovoq va qovun-tarvuz urug’idan yog’ olish texnologiyasini yo’lga qo’ydilar.

Zero, jahondagi sanoat korxonalarining 50 foizida soya doni hisobiga mahsulot chiqariladi. Korxona 1992 yildan boshlab yiliga 56 ming tonna chigit, 11,3 ming tonna soyani qayta ishlab, 8600 tonna rafinatsiyalangan paxta yog’i, 1777 tonna soya yog’i, 6410 tonna sovun, 132 alif ishlab chiqara boshladi. Korxona mutaxassislari bu borada tajriba orttirgan Qo’qon yog’-moy kombinati ish tajribasini o’rganib qaytdilar. Yangibozor va Urganch tuman fermerlari bilan soya etkazib berish shartnomalari tuzildi. Natijada korxona 3152 tonna soya, 24991 tonna paxta yog’i, 7459 tonna sovun ishlab chiqarib yalpi mahsulot hajmini 4,4 mlrd. so’mga etkazdi.

Istiqlol sharofati bilan paxta yakkahokimligiga barham berildi. Korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotlar assortimenti ko’payib, el dasturxoni turli-tuman noz-ne’matlar bilan to’ldirildi.

© K.Nurjonov. “Xorazm sanoatining to’ng’ichi”