Xorazmda yangi temir yoʻl va vokzal ochildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-noyabr kuni Urganch - Xiva poyezdida Xiva shahriga keldi.

Davlatimiz rahbari 2017-yil yanvar oyida Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida Xiva shahriga temir yoʻl olib kelish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Shu asosda Urganchdan Xivagacha 30 kilometr “poʻlat iz” yotqizilib, Xiva shahrida vokzal barpo etildi. Shuningdek, zarur infratuzilma inshootlari, qoʻriqlash punktlari, yoʻl oʻtkazgich va koʻpriklar qurildi.

Prezidentimiz Xiva vokzalida yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Vokzal binosi yoʻlovchilarga qulaylik va xavfsizlik talablari asosida qurilgan. Devor va ustunlar Xorazmning qadimiy meʼmorchilik anʼanalariga xos bezatilgan. Bu yerda bir vaqtning oʻzida 200 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilishi mumkin. Zamonaviy VIP zallar, ona va bola, tibbiyot xonalari tashkil etilgan. Turistlar uchun axborot beruvchi belgilar, planshetlar qoʻyilgan. Vokzaldagi 20 oʻrinli mehmonxona yurtdoshlarimiz va turistlarga qoʻshimcha qulaylik yaratadi.

Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq vokzal qadimiy Xiva qalʼasi yaqinida qurilgani katta ahamiyatga ega. Bu shaharga sayyohlarni koʻproq jalb etish, hududning turizm salohiyatidan samarali foydalanish uchun keng imkoniyat yaratadi.

Urganch - Xiva temir yoʻl yoʻnalishi va Xiva vokzali rasman ochildi. Kelgusida Xivagacha “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti