«Ishbilarmon ayol» ko’rik-tanlovining viloyat bosqichi bo’lib o’tdi
Xorazm viloyat Yoshlar markazida O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya Qo’mitasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan loyiha hisoblanmish «Ishbilarmon ayol» ko’rik-tanlovining viloyat bosqichi bo’lib o’tdi.

Mazkur ko’rik-tanlovda partiyaning ayollar masalalari bo’yicha rais o’rinbosarlari, Xalq deputatlari shahar, tuman va viloyat Kengashidagi ayol deputatlar, boshlang’ich partiya tashkilotlardagi faol xotin-qizlar, 50 nafardan ortiq tadbirkor va fermer ayollar, partiyaning mas’ul xodimlari, shuningdek, hamkor tashkilotlardan Xorazm viloyat fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi, Viloyat kasaba uyushmasi birlashmasi, O’zbekiston Yoshlar ittifoqi Xorazm viloyat Kengashi tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur ko’rik-tanlovni o’tkazishdan asosiy maqsad- mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, siyosiy jarayonlarning mazmun-mohiyatini ayollar o’rtasida kengroq targ’ib qilish, iqtisodiyotimizni yuksaltirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo’shayotgan xotin-qizlarimizni rag’batlantirish. Shu bilan birga, tadbir jarayonida hududlarda xotin-qizlar o’rtasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakat iqtisodiyotida ular ishtirokidagi xususiy sektor ulushi va ahamiyatini oshirish, jamiyatda xotin-qizlar tadbirkorligini yangi bosqichga olib chiqish, ilg’or tajribalarni ommalashtirish, kasbiy mahorat va bilim darajasini yuksaltirish uchun zaruriy shart-sharoit yaratishdan iborat.

Dastlab, ko’rik-tanlovda ishtirok etayotgan ayollar tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlar ko’rgazmasi tashkillashtirildi. Tanlov jarayonida esa ishtirokchilarning zamonaviy ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish orqali yangi ish o’rinlari yaratilganligi, eksportga yo’naltirilgan yoki import o’rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarilayotganligi, aholiga xizmat ko’rsatish qay darajada yo’lga qo’yilganligiga alohida e’tibor qaratildi.

Ko’rik-tanlov yakunida hakamlar hay’ati tomonidan g’olib deb topilgan xotin-qizlar O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashining diplomi, turli xil nominatsiyalar va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi. Shuningdek 1-, 2-, 3-o’rinni egallagan sohibalar tanlovning Respublika bosqichiga yo’llanmani qo’lga kiritishdi.

Nodira Romanova

KO`P O`QILGANLAR