U rahbarlik qilgan mahkama zimmasiga Xorazmni boshqarish ham yuklangan. 1077-yilda Malikshoh Anushtegin Garchoini Xorazmga noib etib tayinlaydi va Xorazmda Anushteginlar sulolasi hukmronligi boshlanadi. Anushteginlar turkiylar sulolasidan bo’lib, o’sha paytda, Osiyoda hukmronlik qilgan uch buyuk sulola: Anushteginlar, Saljuqiylar va G’aznaviylar bir negizdan kelib chiqqan. 1097-yilda Anushtegin vafot etgach, Xorazm noibi etib Ekinji ibn Qorachar tayinlanadi. Biroq u o’sha yili noiblikdan chetlatilib, uning o’rniga Anushteginning o’g’li Qutbiddin Muhammad (1097-1127 yy.) qo’yiladi. Garchi, u "Xorazmshoh" unvonini tiklab, shu nom bilan ulug’lansa ham Saljuqiylarning sadoqatli noibi bo’lib qoldi. Qayta tiklangan xoramshoh mansabiga sazovor bo’lgan Anushtegin nabirasi Otsiz Xorazm mustaqilligi yo’lida astoydil harakat qilgan.
Xorazmshoh Otsiz (1127-1156 yy.) saljuq sultoni Sanjarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan. U mug’ombir diplomat va qat’iy sarkarda bo’lib, mustaqil tashqi siyosat yuritadi. Chunonchi, u o’z hukmdori Sanjarning ruxsatisiz qipchoqlar va turkmanlarga qarshi urush boshlaydi. 12-asrning boshida O’rta Osiyoni sharq tomondan yangi istilochilar - qoraxitoylar bosib oladilar. Sulton Sanjar o’zining yaqin qarindoshi bo’lgan samarqandlik qoraxoniylar xoni Mahmudga yordamga keladi. Qoraxitoylarga qarshi Samarqand yaqinida bo’lib o’tgan jang Sanjarning to’la mag’lubiyati bilan yakunlanadi. Xorazmshoh Otsiz Sanjarning mag’lubiyatidan ustalik bilan foydalanib 1141 yili Marvni ishg’ol etadi, 1142 yili esa Nishopurga yaqinlashadi.
1156 yili Otsiz vafot etadi va uning o’g’li Elarslon (1156-1172 yy.) xorazmiylar davlatini mustahkamlashni davom ettirib, Dixistonni tevarak-atrofdagi erlarga qo’shib oladi. Elarslon o’ziga voris etib o’g’li Sultonshoh Mahmudni (1172-1193) tayinlaydi, biroq to’ng’ich o’g’li Takash ukasi hokimyatini tan olmay, unga qarshi kurash boshlaydi. Natijada toju-taxt uchun kurash boshlanadi, bu kurash 21 yil davom etib, unda Takash g’olib keladi. Uning o’g’li Tekesh (1172-1200 yy.) 1187 yili Nishopurni, 1192 yili esa Marvni bosib oladi. 1194 yili g’arbiy saljuqlar sultonini qaqshatqich mag’lubiyatga uchratib, Eronning butun sharqiy qismini egallab oladi. 1195 yili Tekesh abbosiy xalifa qo’shinini tor-mor qilib, Iroqga bostirib kiradi. O’z mamlakati hududlarini ikki karra kengaytirgan va qudratli davlat barpo etgan xorazmshoh Tekeshni Xorazmning eng iste’dodli hukmdori deb e’tirof etish mumkin.
Uning siyosati kamchiliklaridan biri qipchoq harbiy aristokratiyasiga ko’rsatilgan homiylik bo’lgan. Qipchoqlar Tekesh rafiqasi xayriohligidan foydalanib davlat ishlariga ko’proq ta’sir ko’rsatishga intilgan. Turkiy "qo’mondonlar"ning davlat ishlariga o’zboshimcha aralashuvi keyinchalik Tekesh o’g’li Muhammad zamonida Xorazm davlatining parchalanishiga sabab bo’lgan. Alovuddin Muhammad (1200-1220) davrida mamlakat hududi yanada kengadi.
1210-yilda Movarounnahrni Qoraxitoylardan tortib oladi. Uning davrida mamlakat qanchalik gullab-yashnamasin, mamlakat ich-ichidan emirilib borgan. Xatto, sulton saroyida ham ichki nizolar avj olib, ularning boshida Turkonu Xotun va qipchoqlar turgan. Sulton saroyidagi bunday nizolardan foydalangan mo’g’ullar 1219-1221-yillarda mamlakatning asosiy qismini bosib oladilar. Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi (1220-1231 yy.) 11 yil davomida Hindiston, Eron va Ozarbayjon hududlarida mo’g’ullarga qarshi mardonavor kurash olib boradi.
1231-yil avgustda Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjonda halok bo’lgach, 154-yil hukmronlik qilgan Anushteginlar sulolasining hukmronlik davri tugaydi.
Anushteginlar sulolasidan bo’lgan Xorazmshohlar (1077-1231-yillar): 1. Anushtegin Garchoi 1077-1097 yy. 2. Ekinji ibn Qorachar 1097-y. 3. Qutbiddin Muhammad 1097-1127 yy. 4. Otsiz 1127-1156 yy. 5. Elarslon 1156-1172 yy. 6. Sultonshoh Mahmud 1172-y. 7. Takash 1172-1200 yy. 8. Alovuddin Muhammad 1200-1220 yy. 9. Jaloliddin Manguberdi 1220-1231 yy.