Turkon xotun va Xorazm fojiasi
Anushteginiy Xorazmshohlar davlati (1097-1231) nafaqat Xorazm, balki Dashti Qipchoqning janubi, Sharqiy Turkiston, O’rta Osiyo, Yaqin va O’rta Sharq davlatlarini birlashtirgan buyuk saltanat bo’lgan.

Xorazmshoh Takish qipchoqlar bilan ittifoqqa kirib, ularni o’ziga og’dirish niyatida qipchoq xoni Jonkishining qizi Turkon Xotunga uylanadi. Bayot urug’idan bo’lgan Turkon Xotun Xorazmga turk qabilalari (uraniylar, qarluqlar, ug’roqlar, xalaj qabilalari)ni olib keladi va ularning qudratli homiysiga aylanadi.

Hijriy 596 yil 20 shavvol (1200 yil 3 avgust)da Gurganj aholisi, davlat a’yonlari va amirlari ishtirokida Xorazmshohlar davlati taxtiga Takish va Turkon Xotun o’g’li Qutbiddin Muhammad o’tirdi va u otasining Alouddin laqabini qabul qildi. Keyinroq esa Sanjar ikkinchi nomini oldi.

An-Nasaviy Turkon Xotun haqida quyidagicha tavsif qoldirgan: «Yuqorida aytib o’tilgan Turkon Xotun Bayavut toifasidan bo’lib, yemak urug’ining shoxobchasidandir. Qachonki, uning mavqei mustahkamlangandan so’ng «Xudovandi Jahon», ya’ni butun dunyo hukmdori laqabini olgan edi. U turkiy hukmdorlardan Jonkishining qizi bo’lib, El-Arslonning o’g’li Takish unga uylanadi. Takish o’lgandan so’ng davlat tepasiga kelgan o’g’li Alouddin Muhammad Xorazmshoh davrida onasi Turkon Xotunning obrusi ko’tarilib, davlat ishlarini ham boshqargan".

Hatgo Xorazmshoh Muhammad mastligida onasi Turkon Xotunning xiyonati tufayli shayx Najmiddin Kubroning shogirdi shayx Majididdin Bag’dodiyni qatl qilish haqida farmon ham beradi. Bag’dodiyning qatl qildirilishi din ulamolarini Muhammaddan ixlosini qaytargan edi. Turkon Xotunning bunday nodonligi Xorazmshohlar davlatiga sonsiz kulfatlar keltirdi.

Nasaviyning guvohlik berishicha, makkor Turkon Xotun o’g’liga shu daraja o’z ta’sirini o’tkazganki, natijada Xorazmshoh Muhammad mamlakat ichkarisidagina emas, balki xalqaro maydonda ham Xorazmning yagona hukmdori sifatidagi rolini boy berdi. Bundan tashqari, katta qudratga ega bo’lgan sarkardalarining ko’pchiligi qipchoqlardan bo’lgani bois, hukmdor onasiga yon berishga majbur edi.

An-Nasaviy bunday yozadi: «Agar malikadan va sultondan bir ish haqida ikkita ko’rsatma kelsa, u holda ularning sanasiga qarar edilar va barcha mamlakatlarda keyingi sanaga amal qilardilar...»

Turkon Xotun «Jahon hokimi» laqabiga ham ega edi, uning farmonlaridagi shaxsiy muhri — tug’risida: «Ismat ud-dunyo vad-din Ulug’ Turkon malika niso al-olamiyn» (Dunyo va uning pokdomoni, Ulug’ Turkon, olam ayollarining malikasi) deb bitilgan edi. U «I’tasamtu billahi» («Faqat Allohdan himoya kutaman») deyilgan so’zlarni bosh shior qilib olgan. U o’z shiorini o’g’li shiorining yoniga qo’yar edi.

Xorazmshohlar davlatida mo’g’ullar bosqini arafasida bir mamlakatda ikkita paytaxt — Gurganj va Samarqand, ikkita hukmdor — Turkon Xotun va Xorazmshoh Alouddin Muhammad bor edi.

Gurganj shahrida Turkon Xotunning qarindoshlaridan sultonning turkiy qo’shiniga tegishli nufuzli a’yonlargina (boshliq o’rnida) edilar, jumladan, Xumor Ag’u — hojib sipohsolor (lashkarboshi), Buka Pahlavon, Ali Marg’ini va boshqalar.

Xorazmshoh 1216 yilda onasining shayxini qatl qildirgandi. Ona-o’g’il raqobati davlatni ich-ichidan nuratmoqda edi. Sultonning xalifa nomini xutbada zikr etmaslik to’g’risidagi farmoniga faqat Marv, Balx, Buxoro va Saraxsda amal qilinar, Samarqand, Hirot va Xorazmda esa aksincha edi. Mahalliy an’analarning kuchli ekanligi, Turkon Xotunning va uning ta’siri ostidagi xonlar va ulamolarning Sulton Muhammad hukmronligi davrida davlatchiliqda o’ziga xos ikki hokimiyatchilikning yuzaga kelishida saljuqiylarning bosh vaziri mashhur Nizomul-mulk (1018-1092) ishora etganidek, «Qachonki podshohlik ishi ayollar va go’daklar qo’liga o’tsa, bilginki, podshohlik o’sha xonadonni tark etgay».

Xullas, amirlar, harbiylar iloji boricha o’z mavqelarini qanday bo’lmasin mustahkamlab borishga harakat qilganlar.

Xorazm poytaxtini qamal etgan Chingizxon lash-karlari turli nayranglar bilan shohning onasi Turkon Xotunni taslim bo’lishini talab qilishgan. Urganjdagi qo’shin va aholisi mudofaa kuchiga ega bo’lsa-da, Turkon Xotun Vatanni dushmanga. tashlab qochgan o’g’li Muhammaddan keyin vahimaga tushadi.

Samarqand taslim bo’lgandan so’ng, Chingizxon Xorazmshohning qo’shin to’plab, qarshilik ko’rsatishiga yo’l bermaslik va o’zini qo’lga tushirish maqsadida, sarkardalari Jebe no’yon va Subedey no’yonni taxminan 20 minglik qo’shin bilan Sulton ketidan jo’natdi. Mo’g’ullarning ta’qibiga uchragan Xorazmshoh Xuroson va Eron orqali o’tib Kaspiy dengazidagi orollardan biriga kelib qoladi. Bor-budidan mosuvo bo’lib, g’am-alam ostida og’ir kasallikka chalingan Sulton Alouddin onasi Turkon Xotunning mo’g’ullarga asir tushganini eshitib valiahd tayinlash borasida burungi farmonini bekor qilib, Jaloliddinni taxt vorisi deb e’lon qilgan edi.

1220 yili Xorazm mo’g’ullar tomonidan istilo qilingach, Sulton Alouddin Xazar dengizidagi Abiskin orollaridan biriga qochishga majbur bo’ldi. Shoh xotinlari va farzandlari xazinadagi boyliklar va boshqa qimmatbaho buyumlarini olib shaharni tark etadi. Berahm malika esa shaharda qolgan barcha sultonlar, hokimlar va ularning o’g’illarini, jami 26 kishini qatl qildirgan, ya’ni Amudaryoga cho’ktirgan. Bunday sharmandalik Turkon Xotundan ko’p tarafdorlarini yuz o’girtirgan. U faqat o’z xizmatkorlari, vazir Muhammad Solih hamda yo’l ko’rsatuvchi Umarxon hamrohligida qochib ketgan.

Noshukr malika Ilol shahri Mozandaronga etgach, yo’lboshlovchini ham qatl qildiradi. Chingiz lashkarlari Turkon Xotun izidan borib, Ilol shahrini qamal qilib, ko’p o’tmay uni ham bosib oladi. Malika Xorazmshohning butun harami, bolalari bilan asirga tushadi. Mo’g’ullar shoh bolalarini o’ldirib, haram ayollarini xotin qilib oladilar, Turkon Xotun esa Chingizxon qarorgohiga jo’natiladi. Turkon Xotunning asirlikdagi ahvoli juda ayanchli edi, u Chingizxonning dasturxonida qolgan sarqiti bilan ovqatlanardi. Bir paytlar har qanday farmoyishi darhol bajarilgan malikai jahon Turkon Xotun 1233 yili xoru zorlikda vafot etadi.

Sevara SABUROVA

KO`P O`QILGANLAR